Talabalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ishga joylashdi
Namanganda joriy yilning 4 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Namangan davlat universiteti hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbir oliygohning maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bandligini ta’minlash va bolalar bog‘chalarining oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilib, unda shahar, tumanlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.

– Ayni paytda Namangan davlat universtitetida 1 ming 769 nafar talaba maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda, – deydi NamDU “Press klub” rahbari Sanjarbek Hamidov. – Yurtimizda mazkur yangi tizimni tubdan isloh qilinayotgani maktabgacha ta’limga bolalar qamrovini keskin oshirish, ertamiz egalarini maktab ta’limiga tayyorlash, talabalar bandligini ta’minlashga qaratilgan.
– Ayni paytda viloyatda 2 ming 574 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Hilola Yusupova. – 2017 yilda bu ko‘rsatkich atigi 472 tani tashkil etgandi. Hozirgi kunda oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi, o‘zaro hamkorlikda o‘tkazilayotgan bunday yarmarkalar talaba-yoshlar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mehnat yarmarkasida universitet maktabgacha ta’lim yo‘nalishining 73 nafar talabasi viloyatdagi bolalar bog‘chalari bilan mehnat shartnomalari tuzdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA