Talaba yaratgan shamol generatori ish berdi
Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida yurtimizda “yashil” energetikani rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Farg‘ona politexnika institutida mazkur yo‘nalishda tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, institut talabasi Abdulvosit Xayrullayev tomonidan 1-5 kvtli past aylanishda ishlovchi shamol generatori yaratildi.

“Shamol generatori modelini yig‘ish va texnik modellashtirish” loyihasi “FERPI-INNO” unitar korxonasi tomonidan umumiy qiymati 33 million so‘mga tayyorlandi va amaliyotga tatbiq etildi.
– Ushbu loyiha ustida institutdagi ustozlarim bilan birgalikda ikki yildan ortiq muddatda ish olib borganmiz, – deydi 4-kurs talabasi Abdulvosit Xayrullayev. – Hozirda shamol generatorini oliygoh hududiga o‘rnatdik va bu orqali bir soatda 0,5 kvt/s, bir kunda 12 kvt/s elektr energiyani tejab qolyapmiz. Mazkur generator shamoldan elektr energiyasini olib, maxsus moslama ya’ni akkumulyatorga yig‘adi va invertor qurilmasi orqali o‘zgaruvchan tok ko‘rinishida iste’molchilarni elektr toki bilan ta’minlaydi.
M.Sulaymonov, O‘zA