Takroriy ekinlar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi
G‘alla o‘rim-yig‘imi yakunlanishi bilan yerlarni bo‘sh qoldirmasdan, ulardan yana bir hosil olish amaliyoti bugun qishloq xo‘jaligidagi eng muhim strategik yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Bu nafaqat yer unumdorligini oshirish, balki aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda fermerlar daromadini ko‘paytirishning eng samarali yo‘llaridan hisoblanadi. Ana shu maqsadda Buxoro viloyatida takroriy ekinlar ekish, ayniqsa, kartoshkachilikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro tumanidagi “Panji Fayzobod” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan viloyat ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari bu boradagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishladi. Unda qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, agroklasterlar vakillari, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi. Seminarga viloyat hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarov rahbarlik qildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2026-yilda viloyatda 3 mingdan ziyod fermer xo‘jaligining 62 ming gektar maydoniga takroriy ekinlar ekish rejalashtirilgan. Buning 10,7 ming gektari ertagi ekinlardan, 51,3 ming gektari esa g‘alladan bo‘shagan maydonlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Rejaga muvofiq, 6,5 ming gektarda sabzavot, 1,5 ming gektarda poliz mahsulotlari, 5 ming gektarda kartoshka, 2 ming gektarda loviya va mosh kabi dukkakli ekinlar, 32 ming gektarda esa chorvachilik uchun ozuqabop ekinlar yetishtiriladi.

Eng muhimi, ushbu dastur iqtisodiy samara bilan birga kuchli ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Takroriy ekinlar uchun ajratilgan maydonlarning 30 ming 722 gektari fermerlarning o‘z ehtiyojlari uchun qoldirilsa, 21 ming 278 gektari 42,5 ming nafar fermer xo‘jaligi a’zolariga, yana 10 ming gektari esa “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28,2 ming nafar ishsiz fuqaroga biriktiriladi. Bu esa yer orqali aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur maydonlarni o‘z vaqtida va sifatli ekish uchun 1 ming 845 tonna urug‘lik, 7 ming 390 tonna yoqilg‘i-moylash materiallari, 15 ming 872 tonna mineral o‘g‘it hamda boshqa zarur moddiy resurslar tayyorlangan.
Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 34 ming 617 gektar maydonga takroriy ekinlar ekilib, ishlar jadal davom etmoqda. Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, ushbu maydonlardan 1 million 176 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish rejalashtirilgan. Bu raqamlar Buxoro nafaqat o‘z ehtiyojini ta’minlash, balki ichki bozor barqarorligi va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga ham munosib hissa qo‘shayotganini anglatadi.

Seminarda soha mutaxassislari mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga mos, yuqori hosilli kartoshka navlarini ekish, ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash, suvdan oqilona foydalanish hamda ekinlarni parvarishlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Tadbirda ishtirokchilar kartoshka yetishtirishning zamonaviy usullari bilan tanishib, dala sharoitida amaliy ko‘rgazmalar orqali yangi tajribalarni o‘rgandi. Bu esa ilm-fan yutuqlari va ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etishda muhim qadam bo‘ldi.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, takroriy ekinlar siyosati bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik vazifani hal etadi: yerdan samarali foydalanish ta’minlanadi, aholi bandligi oshadi, ichki bozorda kartoshka va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorlashadi, fermerlar qo‘shimcha daromad oladi hamda eksport salohiyati yuksaladi. Ayniqsa, kartoshka yetishtirish hajmining keskin oshirilishi importga bo‘lgan ehtiyojni qisqartirish va mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri