Tailandda qit’a chempionati boshlandi
Bugun, 6 sentyabr kuni Tailandning Chonburi shahrida xalqaro sport turi maqomiga ko‘tarilgan kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi navbatdagi qit’a chempionati boshlandi.
Osiyo kurash konfederatsiyasi matbuot xizmati xodimi Jamshid Namozovning bildirishicha, unda 12 ta davlatdan kelgan 100 nafardan ziyod yosh kurashchilar ikki kun mobaynida o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun gilamga chiqadi.

Musobaqalar Chonburidagi Katserat universiteti sport majmuasida bo‘lib o‘tmoqda.
Kecha musobaqalar boshlanishi oldidan Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi prezidenti, hamyurtimiz Komil Ro‘ziyev ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish tashkil etildi.

Muhokamalar davomida chempionatni o‘tkazish tartibi, qit’ada milliy sportimiz kurashni ommalashtirish borasidagi harakatlarning holati, 2023 yili Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqalarini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar xususida so‘z yuritildi. Kelgusi rejalar belgilab olindi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionati o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida 16 ta vaznda tashkil etiladi. Bahslarda o‘zbekistonlik 20 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA