Taekvondochilarimiz Gran-pri bahslarida ikkita medalni qo‘lga kiritdi
Fransiya poytaxti Parij shahrida taekvondo WT bo‘yicha o‘tkazilayotgan Gran-pri musobaqasining ikkinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Hamyurtlarimiz musobaqada bittadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, -68 kilogramm vazn toifasida bellashgan Najmiddin Qosimxo‘jayev finalga qadar muvaffaqiyatli yetib borib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. -67 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Ozoda Sobirjonova esa musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Bugun, 11-oktabr kuni Parijdagi Gran-prining hal qiluvchi bahslari bo‘lib o‘tadi. Uchinchi kun dasturidan o‘rin olgan bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasining bir nafar vakili — Jasurbek Jaysunov -80 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Sportchimiz musobaqani 1/8 final bosqichidan boshlaydi.
Jasurbek Jaysunovning dastlabki raqibi Chexiya vakili Tomash Sittek hamda Eron sportchisi Mehron Barxordariy o‘rtasidagi bahsda aniqlanadi. Hamyurtimiz ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tsa, keyingi raundga yo‘l oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA