Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – yangi ish o‘rinlari yaratish omili
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Galiya Rayhonova Uchquduq tumani hokimi Uchqun Yelmuratov hamda O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi apparat rahbari Muhammad Eshniyozov hamrohligida tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Deputat tuman hokimligi tomonidan tadbirkorga bino nol qiymatda ajratilishi natijasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Lider bazar” korxonasida bo‘ldi.
Tadbirkorga binoning nol qiymatda berilishi korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoit yaratib, yangi loyihalarni amalga oshirish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Uchrashuvda korxonada yaratilgan sharoitlar, ish jarayonlari hamda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.

Korxonada 30 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu esa tumanda aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning daromad manbalarini kengaytirish va ularning turmush farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Muloqotda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslariga amaliy ko‘mak berish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri