Tadbirkorlik sub’ektlarining pochta manzili o‘zgarib, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat boji undirilmaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Mamlakatimizda yangi tumanlar va shaharlar tashkil etish, ularning chegaralarini o‘zgartirish bilan bog‘liq ma’muriy islohotlar natijasida tegishli ma’muriy-hududiy birliklar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yuridik shaxslar qayta davlat ro‘yxatidan o‘tishlari lozim bo‘lmoqda. Mazkur qonun loyihasi bilan yangi ma’muriy-hududiy birliklar tuzilishi yoki ularning chegaralari o‘zgarishi natijasida qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yuridik shaxslarni tegishli davlat bojidan ozod etish tartibi belgilanmoqda.
Ya’ni, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi “yangi ma’muriy-hududiy birliklar tuzilishi yoki tugatilishi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgarishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda, ularni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi” mazmunidagi uchinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat bojlarining to‘g‘ri va adolatli undirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA