Tadbirkorlik rivojida barcha masʼul
Termizda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Termizda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 2-avgust kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan sessiya videomuloqot tarzida tashkil etildi. Unda viloyat studiyasida senatorlar, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, davlat hokimiyati va Termiz shahar, tuman hokimlari, masalaga aloqador tashkilot, idora va boshqaruv organlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tuman va shahar studiyalarida hokimlarning birinchi oʻrinbosarlari, viloyat tashkilotlarining hududlardagi boʻlim boshliqlari, tadbirkorlar qatnashdi.
Sessiyada soʻnggi yillarda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yangi bosqichga koʻtarilib, mavjud muammolar bartaraf etilayotgani alohida taʼkidlandi. Muammolar senatorlar va viloyatdagi mutasaddilardan tuzilgan ishchi guruh tomonidan atroflicha oʻrganilganda tadbirkorlik rivojida oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar borligi aniqlangan.
Viloyatda 14 ming 463 tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 2 ming 132 tasi joriy yilning olti oyida tashkil etilgan. Shu davrda kichik biznes subyektlari tomonidan 4 ming 979 yangi ish oʻrni yaratilgan. Ayni paytda ish bilan band boʻlgan aholining 72 foizi yoki 234 ming 792 nafari xususiy sektorda mehnat qilmoqda.
Chuqur tanqid va tahlil ruhida oʻtgan yigʻilishda taʼkidlanganidek, ishchi guruh tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish ahvoli oʻrganilganida sohani qoʻllab-quvvatlashda qator muammolar borligi maʼlum boʻldi. Xususan, faoliyat yuritmayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qayta tiklash talabga javob bermaydi. Olti oyda 24 tadbirkorlik subyekti qayta tiklangan, 184 subyekt tugatib yuborilgan. Bu vohada faoliyat yuritmayotgan xususiy korxonalar muammolari bilan tizimli ishlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganiga yaqqol misol.
Viloyatda 32 ta yirik, 2 ming 225 ta kichik sanoat korxonasi roʻyxatdan oʻtgan. Keyingi yillarda sendvich paneli, sement, yodlangan tuz, tikuv-trikotaj buyumlari, paypoq kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan. Tahlillarga koʻra, sanoat korxonalarining 267 tasi loyiha quvvati darajasida ishlamayapti. 44 tasida ishlab chiqarish toʻxtagan. Xalq istemoli mollarining 82 foizi chetdan olib kelinadi. Yigʻilishda shu bois chetdan kirib kelayotgan isteʼmol mollarini hududlar kesimida atroflicha oʻrganib, shu yoʻnalishdagi loyihalarni ishga tushirish tavsiya etildi.
Hisobot davrida viloyatda ishlab chiqarilgan 80,6 million dollar qiymatidagi sanoat mahsuloti xorijga eksport qilingan. Import salmogʻi esa 127,9 million dollarni tashkil etgan. Garchand oʻtgan yilning shu davriga nisbatan import hajmi 40 foizga kamaygan boʻlsa-da, bu hali viloyatning mavjud salohiyatidan unumli foydalanilayotir, deyishga asos boʻlmaydi. Vohada roʻyxatga olingan 84 ta foydali qazilma boyliklaridan atigi 30 tasi qisman oʻzlashtirilganini qanday izohlash mumkin?
Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti yaratilgani xorijiy sarmoyadorlarda janubdagi viloyatga katta qiziqish uygʻotib, soʻnggi bir yilda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni uch baravarga oshdi. Ayni paytda viloyatda 267 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona roʻyxatga olingan. Tabiiyki bu energiyaga boʻlgan talabni yanada oshiradi. Ammo energiya tejamkor zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda sustkashlik kuzatilmoqda.
Yigʻilishda tadbirkorlarga yer maydoni ajratishning eng qulay, ochiq va oson yoʻli joriy etilgani, yer maydonlari faqat “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo orqali ajratilishi, bu masalada qabul qilingan qarorlar xalq deputatlari viloyat kengashida koʻrib chiqilib, tasdiqlanishi kabi masalalar ham atroflicha tahlil qilindi.
Marketing xizmatining yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida aholi hamda tadbirkorlar qanday mahsulotlar ishlab chiqarilayotganidan toʻliq xabardor emas. Shu bois vohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eʼtibordan chetda qolib, savdo faoliyati bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar shu turdagi mahsulotlarni poytaxtimiz va vodiy viloyatlaridan tashib kelayotir. Bunday holat vohada tadbirkorlarni oʻzaro bogʻlovchi kooperatsiya aloqalari ham mavjud emasligidan darak beradi.
Sessiyada kichik biznes subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kredit mablagʻlaridan samarali foydalanishda duch kelinayotgan muammolarga eʼtibor qaratildi. Joriy yilning olti oyida sohaga 951 milliard soʻm kredit mablagʻi yoʻnaltirilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻp. Afsuski, tijorat bankidan kredit olganiga bir yildan uch yilgacha muddati oʻtgan ayrim ishbilarmonlar haligacha loyihalarini ishga tushirishni paysalga solmoqda. Shuningdek, qiymati 823,2 milliard soʻmlik 184 loyihaning muddati oʻtgan boʻlsa-da, ishga tushirilmagan. Buning oqibatida 470 ish oʻrni yaratilmay qolgan. Vaholanki, ushbu loyihalar uchun tijorat banklari tomonidan 644,1 milliard soʻm kredit mablagʻi ajratilgan.
Ishchi guruh tomonidan oʻrganishlar davomida viloyatda banklarga qaytarilishida muddati oʻtgan 244 milliard soʻm kredit mablagʻlari mavjudligi aniqlandi. Masalan, “Surxon obi hayot“ masʼuliyati cheklangan jamiyatining 43,3 milliard, “Sardor-Surxon-Baraka“ masʼuliyati cheklangan jamiyatining 9,8 milliard, “Termizmebikoservis“ xususiy korxonasining 4,9 milliard soʻmlik muddati oʻtgan kredit qarzdorligi mavjud.
Yigʻilishda “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi ijrosini taʼminlash, kichik sanoat zonalarida loyihalarni toʻliq ishga tushirish, soliq va boshqa toʻlovlardan ortiqcha mablagʻ undirish kabi muhim masalalar ham muhokama etilib, tegishli tavsiyalar berildi. Duch kelinayotgan muammolar yechimining ogʻir kechishi tuman, shahar darajasidagi va viloyatdagi mutasaddilarning loqaydligi bilan bogʻliq ekani taʼkidlandi.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan xalq deputatlari viloyat kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov soʻzga chiqdi.

