Tadbirkorlik faoliyati qonun himoyasida
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Eng avvalo, tadbirkorga bo‘lgan e’tibor, uning taraqqiy etishi uchun imkoniyat Bosh qomusimiz bo‘lgan yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi. Jumladan, Bosh qomusimizning 67-moddasida “Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi” mustahkamlab qo‘yilgan.
Bu esa tadbirkor uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega, ularning erkin va halol raqobat muhitida faoliyat yuritishi uchun ustuvor o‘rin tutadigan katta voqea bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish borasida sudlar tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak”.
Shu maqsadda Toshkent viloyat sudi tomonidan adolatli va qonuniy sud hujjatlarining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining sudga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 oyida viloyatdagi jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi va apellyatsiya instansiya sudlarida jami 54 nafar shaxs oqlangan (reabilitatsiya qilingan) bo‘lib, shundan 12 nafari tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etgan holda ularning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklangan.
Shuningdek, ushbu davrda iqtisodiy sudlarga kelib tushgan jami 25 ming 414 ta da’vo arizasidan 23 ming 977 tasi ish yuritishga qabul qilingan. Bundan birinchi instansiya sudlarida ko‘rilib, tamomlangan iqtisodiy ishlarning 21 dan ziyodi bo‘yicha tadbirkorlarning da’vo talablari qanoatlantirilgan.
Ta’kidlash lozimki, hisobot davrida 44,6 foiz ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Iqtisodiy sudlarda ko‘rib tamomlangan ishlarning 77,72 foizi ma’muriy huquqiy munosabatlar, 19,2 foizi fuqarolik huquqiy munosabatlar, 0,08 foizi yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash, 2,7 foizi korxonalarning bankrotligi va 0,14 foizi korporativ munosabatlarga oid ishlarni tashkil etgan.

Ushbu ishlarni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, sud qarorlari asosida da’vogar tadbirkorlar foydasiga jami 1,6 trillion so‘m miqdoridagi qarzdorlik va moddiy zarar summalarini undirish belgilangan.
Iqtisodiy ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan 269 ta ta’sir chorasi qo‘llanilgan. Shundan 34 nafar shaxs ma’muriy va 35 nafar shaxs moddiy javobgarlikka tortilgan.
Davlat rahbari joriy yilning 18 avgust kuni o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida “Mamlakatimizda tadbirkorlar qancha ko‘p bo‘lsa, ular yanada ko‘proq daromad ko‘rsa, davlatimiz ham shuncha boy bo‘ladi. Sizlardek shijoatli, ishbilarmon, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarimiz safi bir necha karra kengayishidan barchamiz birdek manfaatdormiz” degan edi.
Uchrashuvda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘maklashish bo‘yicha kompleks tizimni yaratish maqsadida 2023 yilning 10 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorning qabul qilinishi aholining keng qatlamlari tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytiradi.
Aytish joizki, bu kabi qonunchilik hujjatlarining qabul qilinishi mamlakatda tadbirkorlik sub’ektlarining soni ortishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, ichki bozorlarning eksportbop mahsulotlar bilan to‘ldirilishiga, yalpi ichki mahsulotda tadbirkorlar ulushining ko‘payishiga olib keladi. Bu esa mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Dilshod Tojiboyev,
Toshkent viloyat sudi raisi.
O‘zA