Tadbirkorlarning muammolari tinglanmoqda
Jizzax shahrida o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqot tadbirkorlik muhitini yanada erkinlashtirish va biznes vakillarining dardini tinglashga qaratildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov, Savdo-sanoat palatasining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Bobur Umurzakov hamda 20 nafardan ortiq faol tadbirkor ishtirok etdi.
Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuvda hududdagi ishbilarmonlarni qiynayotgan muammolar, amaliy takliflar va istiqbolli tashabbuslar keng muhokama qilindi. Eng muhimi, tadbirkorlar o‘z fikr va e’tirozlarini bevosita mas’ullar e’tiboriga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa “davlat idorasi — tadbirkor” munosabatlarida ishonchga asoslangan yangi muloqot muhiti shakllanayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Muloqot davomida bildirilgan takliflar tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish zarurligini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Shu o‘rinda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi izchil ta’minlanayotgani alohida ta’kidlandi.
— Bugungi ochiq muloqotlar — bu shunchaki uchrashuv emas, balki amalda ishlayotgan islohotlar maydonidir, — deydi Savdo-sanoat palatasining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Bobur Umurzakov. — Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-sentabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni joylarda to‘liq va izchil ijro etilmoqda. Natijada biznes yuritishdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaymoqda, tadbirkorlarning huquqiy himoyasi kuchaymoqda. Eng muhimi, tadbirkor o‘z muammosini aytib, uning yechimini ko‘rayotgani — islohotlarning amaliy samarasidir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday ochiq muloqotlar muammolarni faqat qayd etish emas, balki ularni joyida hal etishga xizmat qilayotgan ta’sirchan mexanizmga aylanmoqda. Bu jarayon esa tadbirkorlar va davlat idoralari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini hayotga chuqur singdirmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri