Tadbirkorlarning muammolari ochiq muloqotda muhokama qilindi
Urganchda tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish hamda mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy yechim topish maqsadida Xorazm viloyat sudlari tashabbusi bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Xorazm viloyat ma’muriy sudi raisi, Xorazm viloyat sudi raisi o‘rinbosari, sudyalar, viloyat adliya va soliq boshqarmalari, biznes-ombudsmanning hududiy sho‘’basi, savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi vakillari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan huquqiy va amaliy muammolar, shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishi, soliq munosabatlari, davlat organlari bilan bog‘liq nizolar hamda tadbirkorlarning sud orqali huquqlarini himoya qilish mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasidagi shartnomaviy nizolar, debitor qarzdorlikni undirish, majburiyatlarni lozim darajada bajarish, soliq organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning qonuniyligi hamda davlat organlari mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilish tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilish huquqi, da’vo arizalarini rasmiylashtirish, tegishli dalillarni taqdim etish va protsessual muddatlarga rioya qilish masalalari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Muloqot davomida tadbirkorlarning murojaat va takliflarini bevosita tinglash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning qonuniy yechimlarini izlashga alohida e’tibor qaratildi.
– Tadbirkorlik faoliyatida kelib chiqadigan nizolarning oldini olishda shartnomaviy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, taraflarning o‘zaro majburiyatlariga mas’uliyat bilan yondashishi, shuningdek, nizolarni sudgacha hal etishning qonuniy mexanizmlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega, – deydi Xorazm viloyat ma’muriy sudi raisi Jamila Sultanova. – Bu esa tadbirkorlarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashining oldini olish, ishbilarmonlik munosabatlarini saqlab qolish hamda tadbirkorlik faoliyatining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tadbirkorlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni bevosita sudyalar va vakolatli davlat tashkilotlari vakillariga berish imkoniyati yaratildi.
Tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar mas’ul tashkilotlar tomonidan nazoratga olinib, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.
– Tadbirkorlarning huquqiy bilimlarini oshirish, iqtisodiy va ma’muriy nizolarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, sudlar hamda vakolatli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash ham muhimdir, – deydi biznes-ombudsmanning hududiy vakili Dilshod Xodjayev. – Bunday ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida amaliy yechim topish hamda sud tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-31880]
Darhaqiqat, tadbirkorlik sub’ektlari duch kelayotgan muammolarni bevosita o‘rganish, ularning murojaat va takliflarini tinglash, huquqiy nizolarning oldini olish hamda mavjud masalalarga qonunchilik doirasida yechim topish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari