Tadbirkorlarning 85 ta murojaati ijobiy hal etildi
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoit yaratish hamda mulkiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaratilayotgan sharoitlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari soni ham ortib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 49 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 90 ming 565 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilingan.
Ularning samarali faoliyat yurtishida tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar muhim o‘rin tutadi. Bu borada Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Ravshan Fozilov bu boradagi ishlar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot mamlakatimiz taraqqiyotining muhim sohasidir. Iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi va rivojlantiruvchi kuch va drayver tadbirkorlardir. Tadbirkorlik faoliyati iqtisodiyotimizning rivojlanishi uchun ulkan turtki. Shunday ekan, bu borada zamonaviy korxonalarning ochilishi, tadbirkorlikni rivojlantirishga keng yo‘l ochib berilishi xalq farovonligi, Vatan ravnaqini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda erkin bozor uchun yaratilayotgan sharoit xorijiy ishbilarmonlarning qiziqishini uyg‘otayotgan bir paytda ishonchli sheriklar tanlash, xorijiy investorlar hamkorligida korxonalar ochish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun kerakli sharoit va qulay muhit yaratish borasidagi ishlarni yanada faollashtirish zarur.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda, poytaxtda uchrab turgan muammolarni hal etishda partiyamiz, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi deputatlarimiz ham mas’uliyatli, faol, tashabbuskor va jonkuyar bo‘lishi lozim.
O‘tgan davrda O‘zLiDeP Toshkent shahar kengashi tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 300 ga yaqin davra suhbatlari, ochiq muloqot va seminarlar o‘tkazildi. 18 mingga yaqin tadbirkorlar qamrab olingan tadbirlarda kelib tushgan murojaatlarning 85 tasi ijobiy hal etildi, o‘ndan ortiq tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar berildi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarlar natijasida 65 nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini boshlab yubordi. Masalan, Chilonzor tumani “Diyor” mahallasida yashovchi “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan Yoqubjon va Fazliddin kasb-hunar egasi bo‘lsa-da, faoliyatini boshlashi uchun zarur jihoz va uskunalar sotib olishga imkoni yo‘q edi. Bu yoshlarning o‘z maqsadiga erishishi uchun kerakli uskunalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatildi. Bektemir tumani “Nurafshon” mahallasida istiqomat qiluvchi Dilnoza Matsaidovaga esa o‘z tikuv atelesini ochishiga hamda 3 ta tikuv mashinasini olib berishga ko‘maklashildi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng muhimi, partiyamiz o‘z dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda tadbirkorlarni, ayniqsa, sohaga kirib kelayotgan yosh yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, ko‘mak berishga intilmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA