Tadbirkorlar yoshlar bilan uchrashdi
Prezident tashabbusi amalda
Ayni paytda mamlakatimiz yoshlarining tadbirkorlik sohasiga bo‘lgan qiziqish va e’tiborini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida tashkil etilayotgan tadbirkorlarning yoshlar bilan uchrashuvlarida ko‘plab savollar o‘z javobini topmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Sharof Rashidov tumanidagi “Yeuro Aziya Motors” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, tadbirkor Akmal Ahmedov bilan bo‘lib o‘tdi.
Akmal Ahmedov faoliyatining boshidagi ilk qadamlar, erishayotgan yutuqlari haqida yoshlarga hikoya qilib berdi. Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.
[gallery-13492]
Zafarobod tumanidagi “Chimqo‘rg‘on” qishloq fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan, tumandagi faol tadbirkorlardan biri, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin O‘rushov ning 4 nafar mahalladoshiga o‘z tajribasini o‘rgatishga qaror qilganligi ayniqsa yoshlarga ma’qul bo‘ldi.
Ishbilarmon, serg‘ayrat, mehnatkash tadbirkor Sardor Egamqulovni yosh bo‘lsada, nafaqat Peshag‘or qishlog‘ida, balki Zominda yaxshi tanishadi. Tumandagi “Yoshlik” MFY ahli bilan tadbirkor o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda S.Egamqulov o‘zining faoliyati, tadbirkorlikdagi ilk qadamlari, erishgan natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Qizg‘in o‘tgan tadbirda yig‘ilganlar tadbirkordan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Muloqotdan so‘ng birgina Peshag‘or qishlog‘idan 3 nafar yosh yigit-qiz tadbirkorlik faoliyatini boshlashga qaror qilgani Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra tashkil etilayotgan tadbirkor va yoshlar uchrashuvining yorqin samarasidir. Bu kabi uchrashuvlar viloyatning barcha shahar, tuman, qishloq va mahallarida bo‘lib o‘tayotgani va bu uchrashuvlardan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan qalbi olov yoshlar ko‘payotgani ham sir emas.
Tadbirkorlar qancha ko‘paysa, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholining, ayniqsa, yoshlarning doimiy daromad manbasi paydo bo‘ladi, xalqimizning farovonligi oshadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari