Tadbirkorlar muammolari o‘rganilmoqda
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i I.G‘ulomov vohadagi oziq-ovqat sanoati korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishmoqda. Tadbirkorlarning kelgusi rejalarini tinglab, muammolarini o‘rganmoqda.
Termiz shahrida muzqaymoq va sut mahsulotlari ishlab chiqarayotgan “Saidjon Muhammadjon muzqaymoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tanishuvda korxona rahbarlari yangi loyihalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, joriy yilning to‘rtinchi choragida bu yerda sariyog‘ ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 2,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, xorijning zamonaviy uskunalari o‘rnatiladi. Loyiha ishga tushgach, yiliga 1 ming 500 tonna sariyog‘ ishlab chiqarib, 25 kishining bandligini ta’minlaydi.


Yangi loyiha qo‘llab-quvvatlanib, tadbirkorlarga "Bojxona hududida qayta ishlash" bojxona rejimi qulayliklari haqida atroflicha ma’lumot ham berildi.
Termiz shahridagi "Brighty mega water" mas’uliyati cheklangan jamiyati gazlangan va tabiiy sharbat ishlab chiqaradi. Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i ushbu korxonada ham bo‘lib, tadbirkorning yutuq va muammolari bilan qiziqdi. Yangi loyihasi bilan tanishdi.

Korxona ayni paytda salqin kofe mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qiymati 400 ming dollarlik loyihani amalga oshirmoqda. Yil yakunigacha yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 20 ta ish o‘rni yaratiladi.


Samimiy muloqotlar chog‘ida tadbirkorlar oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. Yutuqlaridan quvonib, muammolarini hal etishga ko‘maklashayotgan rahbarlar xizmatini e’tirof etdi. Bojxona sohasida berilayotgan imtiyoz va yengilliklar ularning faoliyatini kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.


Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining hududlardagi sanoat korxonalari muammolarini o‘rganishga qaratilgan uchrashuvlari davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri