Tadbirkorlar manfaati – eng muhim mezon
Buxoroda “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusida konferensiya-seminar bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusida konferensiya-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati, sohani rivojlantirishda galdagi vazifalar xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisi K.Komilov, Buxoro viloyati prokurori M.Azimov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Bozorov va boshqalar mazkur farmon tadbirkorlikning iqtisodiyotimizdagi rolini yanada oshirish, soha faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, ishbilarmonlar uchun qulay iqtisodiy va huquqiy sharoit yaratishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ushbu hujjatda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan ma’muriy va jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirishni takomillashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartiblarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida 40 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslariga nisbatan ular tomonidan soxta bankrotlik hamda bankrotlikni yashirish orqali yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganda ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo qo‘llanilmaydi.
– Xo‘jalik protsessual kodeksiga ham tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab qator o‘zgartishlar kiritildi, – deydi Buxoro viloyati xo‘jalik sudi raisi o‘rinbosari Sh.Mirzayev. – Masalan, xo‘jalik sudlari tomonidan da’vo arizasini qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarish muddati 10 kundan 5 kunga qisqartildi. Shu paytgacha amal qilib kelgan tartibdan farqli ravishda, mehnatga oid nizolardan tashqari barcha turdagi korporativ nizolar, ya’ni, har qanday shakldagi yuridik shaxsning tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog‘liq, shuningdek, uning faoliyatidan kelib chiqadigan barcha nizolarning xo‘jalik sudlari tomonidan hal etilishi belgilab qo‘yilgani fuqarolarning vaqtini tejash, huquqlarini qisqa muddatda tiklash imkonini beradi.
Anjumanda soliq tizimidagi qator yangiliklarga ham alohida e’tibor qaratildi. Masalan, yakka tartibdagi tadbirkor o‘zi tomonidan yollangan har bir xodim uchun nazarda tutilgan stavkaning 30 foizi miqdorida qat’iy belgilangan soliqni, sug‘urta badallarini esa oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida to‘laydi. Tejab qolingan mablag‘ni ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo‘naltiradi.
Tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda tijorat banklarining ham hissasi katta bo‘lmoqda.
– Prezidentimizning mazkur farmoni tadbirkorlik rivojida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Kogon tumanidagi “Parravshantrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Ravshanov. – Aholining tuxum va parranda go‘shtiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga biz ham hissa qo‘shmoqdamiz. Bunda bank krediti muhim omil bo‘lmoqda. “Asakabank”ning viloyat filiali tomonidan ajratilgan bir milliard so‘mlik kredit evaziga korxonaga zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatdik. Bugungi kunda parrandalar soni 67 mingdan oshdi. Ish o‘rni 19 taga yetdi.
Ayni paytda viloyatda 30 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Bu 2000-yildagiga nisbatan ikki yarim barobar ko‘pdir. Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 67 foiz, sanoatda 32, eksportda 30, bandlikdagi hissasi 78,6 foizga yetdi. 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturiga muvofiq, joriy yilda kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini 68,2 foizga yetkazish, sohaga tegishli boshqa ko‘rsatkichlarni ham yanada oshirish ko‘zda tutilmoqda. Tadbirkorlikka keng erkinliklar berilayotgani, turli imtiyoz va preferensiyalar belgilangani faoliyatimizni yanada kengaytirishda mustahkam kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Konferensiya-seminarda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.