Tadbirkorga qulaylik – iqtisodiyotga yangi imkoniyat
Bugun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash faqat imtiyoz va yengilliklar yaratish bilan cheklanib qolmayapti. Eng muhimi, tadbirkorning muammosini uning ish joyiga borib o‘rganish, ishlab chiqarish jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularga amaliy yechim topishga qaratilgan yondashuv tobora kengaymoqda.
Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan korxonalar uchun bojxona jarayonlarining tezkor, shaffof va sodda tashkil etilishi ishlab chiqarish sur’ati, eksport hajmi va korxonaning raqobatbardoshligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini joyida o‘rganish va mavjud imkoniyatlarni keng tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida faoliyat yuritayotgan “TEKHNOCHEM” QK faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, tashqi iqtisodiy faoliyati, xomashyo importi, tayyor mahsulotlarning harakati, bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq masalalar hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish holati atroflicha tahlil qilindi.
Raqamlar esa korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil davomida “TEKHNOCHEM” QK tomonidan 17 million AQSH dollari qiymatidagi 18 ming tonna mahsulot import qilingan. Bu bir tomondan, korxonaning ishlab chiqarish jarayonida import qilinadigan xomashyo va resurslarning muhim o‘rin tutishini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, bojxona jarayonlarini yanada maqbullashtirish ishlab chiqarish samaradorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.


Shu nuqtai nazardan, ishchi guruh tomonidan korxona ehtiyojlari oddiy tanishuv doirasida emas, balki ishlab chiqarishning keyingi bosqichlari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida korxona tomonidan import qilinayotgan xomashyoni bojxona to‘lovlari va rasmiylashtiruv jarayonlarini maqbullashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, korxona faoliyatida “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur mexanizmdan samarali foydalanish ishlab chiqarish bilan bog‘liq tashqi iqtisodiy operatsiyalarni yanada qulay tashkil etish, korxonaning eksport salohiyatini oshirish va tashqi bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun muhim omil bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, eksport operatsiyalarini kengaytirish, tashqi bozorlarga chiqish geografiyasini oshirish hamda kelgusida vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish orqali qo‘shimcha qulayliklardan foydalanish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Bu yerda e’tiborli jihat shundaki, bojxona organlari va tadbirkor o‘rtasidagi muloqot endi faqat hujjatlarni rasmiylashtirish bilan cheklanib qolmayapti. Aksincha, korxonaning ertangi rivoji, eksport imkoniyatlari va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan mexanizmlar birgalikda izlanmoqda.
Uchrashuvda korxona hududida bojxona ombori tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishdagi imkoniyatlar, belgilangan talablar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tartib-taomillar yuzasidan tadbirkorlarga zarur tushuntirishlar berildi.
Bojxona omborini tashkil etish masalasining o‘rganilayotgani ham korxonaning tashqi iqtisodiy operatsiyalarini yanada tizimli tashkil etishga qaratilgan amaliy qadamlardan biri sifatida ahamiyatlidir.
Zero, ishlab chiqarish korxonasi uchun vaqt bu ham resurs, ham mablag‘. Xomashyoning o‘z vaqtida kirib kelishi, uning rasmiylashtiruvi tezkor amalga oshirilishi va tayyor mahsulotning tashqi bozorga ortiqcha to‘siqlarsiz chiqarilishi korxona iqtisodiy samaradorligiga bevosita ta’sir qiladi.
Muloqotda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan iqtisodiyot va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlar doirasida bojxona sohasida joriy etilayotgan yengillik va soddalashtirilgan tartiblar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.


Jumladan, davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarida bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida qabul qilingan farmonlar bilan belgilangan yangi imkoniyatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Bu hujjatlarning ahamiyati shundaki, ular tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini yengillashtirish, ortiqcha ma’muriy jarayonlarni qisqartirish, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Eng muhimi, mazkur islohotlar qog‘ozdagi qoida bo‘lib qolmasdan, joylarda tadbirkorga yetkazilmoqda. “TEKHNOCHEM” QKda o‘tkazilgan uchrashuv ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir.
Bugun bir korxonaning ishlab chiqarish quvvati oshishi ortida yangi ish o‘rinlari, ko‘proq soliq tushumlari, mahalliy xomashyoga talab, yangi texnologiyalar va eng muhimi, eksport tushumlari ko‘payishi kabi bir qator iqtisodiy samaralar mujassam.
Shu ma’noda, bojxona jarayonlarini soddalashtirish masalasi tor sohaviy vazifa emas. Uning zamirida korxonalarni rivojlantirish, ularning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirishdek katta maqsadlar mujassam.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, muammolarni aniqlash va ularga yechim topishga ko‘maklashishga qaratilgan bunday muloqotlar esa islohotlarning hayotiy mazmunini yanada namoyon etmoqda.
Zero, tadbirkorga berilgan har bir qulaylik – yangi ishlab chiqarish, har bir yengillik – yangi imkoniyat, har bir eksport shartnomasi esa mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shilgan yangi hissadir.
“TEKHNOCHEM” misolidagi kabi manzilli yondashuvlar tadbirkorning bugungi muammosini hal etish bilan birga, uning ertangi imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Bu esa “tadbirkor boyisa – davlat ham boyiydi” degan hayotiy haqiqatning amaldagi ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri