Tadbirda turli millat vakillari jam bo‘ldi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant va ijtimoiy buyurtmalar tanlovida g‘olib bo‘lgan “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyati tashabbusi bilan “Millatlararo do‘stlik – tinchlik va farovon hayot garovi” shiori ostida do‘stlik festivali o‘tkazildi.
Festival viloyatda yashab kelayotgan turli millatga mansub vatandoshlarimizni o‘z atrofida birlashtirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
– Tahririyat jamoasi loyiha doirasida ajratilgan 100 million so‘m mablag‘ evaziga 6 oy davomida bir qator ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi, – deydi “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Shodmon Sulaymonov. – Loyiha davomida jamoa milliy madaniy markazlar hayotiga chuqur kirib bordi. Ularning urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishdi. Targ‘ibot ishlarini olib bordi. Har ikki gazeta sahifalarida mazkur yo‘nalishda 70 dan ortiq maqolalar e’lon qilindi. Bu jarayonda radio, televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan ham keng foydalanildi. Grant loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirlar aholi, ayniqsa, yosh avlodni, viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Festivalda viloyatdagi 11 ta milliy madaniy markazlar vakillari markaz faoliyati hamda milliy urf-odat va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari, shuningdek, musiqiy chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
[gallery-6746]
– Asrlar davomida o‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar, yaqin siyosiy va gumanitar aloqalar birlashtirib kelgan, – deydi “Oftobi Sug‘diyon” tojik-fors milliy madaniy markazi rahbari Rauf Avezov. – So‘nggi 5 yil ichida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bir osmon ostida va bir makonda yashar ekanmiz, birgalikda mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shishimiz kerak, chunki bu ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlik solnomasida yangi sahifalar ochadi, taraqqiyotning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. bugungi festival ana shunday do‘stona munosabatlar ifodasi sifatida ahamiyatli bo‘ldi. Tahririyat va milliy madaniy markazimiz o‘rtasidagi hamkorlik yangicha shakl va mazmunda davom etayotganidan juda xursandmiz.
– “Vidergeburt” nemis milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi 23 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelyapti, – deydi markaz rahbari Lyubat Shtirsenbexer. – O‘tgan vaqt ichida markazimiz viloyatda do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda munosib hissa qo‘shdi. Shuningdek, yurtimizda istiqomat qiluvchi boshqa millatlarni nemis madaniyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festivallar, ko‘rik-tanlovlar, badiiy ko‘rgazmalar o‘tkazib kelayotir. “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyati bilan olti oy davomida hamkorlik qildik, birgalikda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etdik. Bu hamkorlik, qolaversa, bugungi festivalda g‘oliblar safidan o‘rin olib, qimmatbaho sovg‘aga munosib ko‘rilganimiz bizga unutilmas lahzalarni baxsh etdi.
Bu kabi tadbirlar millatlararo do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Tadbir yakunida festival ishtirokchisi sifatida o‘z iqtidorini namoyish etgan, grant loyihasi doirasida tahririyat bilan yaqin hamkorlik qilgan barcha milliy madaniy markazlar tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA