Tadbir jurnalistlar xotirasini yod etish, merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishga bag‘ishlandi
Inson umri bir kun tugaydi. Ammo uning ezgu ishlari, aytgan so‘zi, yozgan satri, el-yurt uchun qilgan xizmati yashayveradi. Ayniqsa, qalam ahlining umri qog‘ozga, kitobga, gazetaning har bir sahifasiga, xalq xotirasiga muhrlansa, bunday merosni vaqt ham, masofa ham yo‘qota olmaydi.
Bugun biz tarixiy xotirani tiklash, milliy o‘zlikni anglash, ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy xazinani asrab-avaylashga katta ahamiyat qaratayotgan bir davrda yashayapmiz. Davlat rahbari tomonidan milliy qadriyatlar, tarixiy xotira, buyuk ajdodlar, jadidlar merosini chuqur o‘rganish va ularning ezgu g‘oyalarini yosh avlodga yetkazish borasida ilgari surilayotgan tashabbuslar ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Zero, o‘z tarixini bilgan xalqning ertasi ishonchli bo‘ladi. Ustozlarini unutmagan millat esa o‘zligini hech qachon yo‘qotmaydi. Buxoro shahridagi qadimiy Ko‘kaldosh madrasasida bo‘lib o‘tgan “Yo‘qotilmagan meros” nomli xotira kechasi ana shu haqiqatning ta’sirchan ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir viloyat matbuoti va jurnalistikasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan 160 nafar ustoz jurnalist xotirasini yod etish, ularning serqirra ijodiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishga bag‘ishlandi.


Bu oddiy xotira tadbiri emas edi. Bu — kechagi avlod bilan bugungi qalam ahlini bog‘lagan ma’naviy ko‘prik, ustozdan shogirdga o‘tayotgan ijodiy mash’alning ramziy davomi edi.
Ko‘kaldosh madrasasi... Asrlar davomida qancha avlodlarning qadamiga guvoh bo‘lgan, qancha sir-sinoatlarni bag‘rida saqlagan bu ko‘hna maskanda bu safar yana bir unutilmas kecha bo‘ldi. Madrasa devorlari ostida yangragan xotiralar o‘tmish bilan bugunni bir nuqtada tutashtirdi. Bu yerda ustoz va shogird, kecha va bugun, tarix va kelajak haqida so‘z bordi.
Xotira kechasi marhum ustozlar ruhiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilinishi va duo bilan boshlandi. Bu lahzalarda tadbir ishtirokchilari qalbida o‘zgacha sukut hukm surdi. Go‘yo ko‘hna madrasa devorlari ham bir zamonlar Buxoro matbuoti va adabiyoti ravnaqi uchun qalam tebratgan insonlarning nomlarini qayta-qayta takrorlayotgandek edi. Shundan so‘ng mehmonlar maxsus tashkil etilgan xotira ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Ko‘rgazmada XX asr boshlarida chop etilgan “Buxoro proletari”, “Buxoro axbori”, “Buxoro haqiqati” kabi noyob gazetalar, shuningdek, radio sohasining shakllanish jarayonidan darak beruvchi eski buyum va texnik jihozlar namoyish etildi.


Bu eksponatlarga qarab, oddiy bir gazeta sahifasini emas, butun bir davrni ko‘rish mumkin edi.
Sarg‘aygan qog‘ozlar — kechagi kunning tirik guvohi. Eski harflar — o‘z davrining nafasi. Radio uskunalari esa ovozi uzoqlarga yetgan bir avlodning izlari edi.
Xotira kechasida Buxoro va milliy matbuot hamda adabiyotimiz tarixida munosib o‘rin qoldirgan ko‘plab ijodkorlarning hayot yo‘li yodga olindi.
Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Ne’mat Aminov, Omon Muxtor, Jamol Kamol, Toshpo‘lat Hamid, Toshpo‘lat Ahmad, Baxtiyor Asadov, Erkin Yodgorov singari qalam ahlining nomi tilga olinganda, zalda o‘ziga xos hurmat va ehtirom muhiti sezildi.
Ularning har biri o‘z davrining murakkab sinovlarini boshidan kechirgan. Ayrimlari ijod qilishning o‘zi jasorat talab etgan zamonlarda qalamiga xiyonat qilmagan. Ayrimlari millat ma’naviyati, ma’rifati va adabiyoti uchun o‘z hayotini bag‘ishlagan. Ularni birlashtirib turgan eng ulug‘ fazilat esa bitta — qalamga sadoqat.
Ular uchun jurnalistika faqat kasb emas, xalq oldidagi mas’uliyat edi. So‘z esa oddiy vosita emas, insonni uyg‘otadigan, jamiyatni harakatga keltiradigan, haqiqatni avloddan avlodga yetkazadigan kuch edi.
Bugun ularning asarlari, maqolalari va ijodiy merosi yosh jurnalistlar uchun katta maktab vazifasini o‘taydi.
Tadbirning asosiy qismida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Gulshoda Ibrohimova so‘zga chiqib, xotira kechasining maqsad va ahamiyati xususida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ustozlar ijodini o‘rganish, ular qoldirgan boy merosni kelajak avlodga yetkazish, nomlarini abadiylashtirish — bugungi avlodning shogirdlik burchidir. Darhaqiqat, jurnalistikada ustoz-shogird an’anasi oddiy kasbiy munosabat emas. Bu — tajriba, ma’naviyat va mas’uliyatning avloddan avlodga o‘tishi. Bugungi yosh jurnalist qo‘lidagi qalam kechagi ustozning qalami bilan ma’nan bog‘langan bo‘lsa, demak, meros uzilmagan.


Xotira kechasining yana bir muhim jihati shundaki, marhum jurnalist, adib va yozuvchilarning tadbirda ishtirok etgan oila a’zolari hamda faxriy jurnalistlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar asosida alohida kitob nashr etish taklifi ilgari surildi. Bu taklifning ahamiyati beqiyos. Chunki inson xotirasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, vaqt o‘tishi bilan ayrim tafsilotlar unutilishi mumkin. Kitob esa xotirani avlodlar uchun saqlab qoladi.
Bugun bir oilada saqlanayotgan surat, bir ustozning yozgan qo‘lyozmasi, hamkasbining xotirasi, arxivdagi bir maqola yoki sarg‘aygan gazeta ertaga butun bir avlod uchun qimmatli tarixiy manbaga aylanishi mumkin. Shu ma’noda, “Yo‘qotilmagan meros” kechasida ilgari surilgan kitob yaratish tashabbusi nafaqat jurnalistika tarixi, balki Buxoroning ma’naviy va madaniy hayotini o‘rganish uchun ham muhim qadamdir.
Kecha yakuniga yetdi. Mehmonlar tarqaldi. Ko‘kaldosh madrasasi yana o‘zining sokin holatiga qaytdi. Ammo bu kechaning sadosi, ehtimol, hali uzoq vaqt qalblarda yashaydi. Chunki xotira — o‘tmishga qarashgina emas. Xotira — kelajak oldidagi mas’uliyat hamdir.


Bugun biz ustozlarni eslasak, ertaga kimdir bizning ishlarimizni eslaydi. Bugun biz ularning merosini asrasak, ertaga avlodlar bizning ma’naviy merosimizni asraydi.
Shuning uchun “Yo‘qotilmagan meros” nomi shunchaki tadbir nomi emas. Unda katta bir haqiqat mujassam: inson ketadi, ammo ezgulik qoladi; qalam egasi vafot etadi, ammo uning so‘zi yashaydi; avlodlar almashadi, ammo haqiqatga xizmat qilgan meros yo‘qolmaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri