Tabiiy resurslar konstitutsiyaviy muhofazada
Konstitutsiyada tabiat ob’ektlari muhofaza etilishining asosiy qoidalari o‘z aksini topgan hamda davlatimizda yashayotgan barcha fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun umummajburiy bo‘lgan konstitutsiyaviy qoida o‘rnatilgan.
Konstitutsiyaviy normalarning tabiatni muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni amalga oshirishdagi o‘rni va ahamiyati beqiyos. Aynan Asosiy qonunda davlat hokimiyati organlari va jamoat birlashmalarining ekologik faoliyatini shakllantirish bo‘yicha asosiy prinsiplari mustahkamlanadi, fuqarolarning ekologik burchlari belgilanadi, jamiyatning ekologik barqaror rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur”ligi mustahkamlangan.
Ushbu konstitutsiyaviy qoidaning ahamiyati shundaki, birinchidan, mustaqilligimizni moddiy asosini tashkil etuvchi tabiiy boyliklarining xalqimizning boyligi, mulki ekanligi, ikkinchidan, tabiiy resurslardan faqat oqilona foydalanish zarurligi, uchinchidan, respublikamiz tabiati davlat muhofazasiga olinganligi, ya’ni ekologik-huquqiy munosabatlarni davlat tomonidan kafolatlanishi kabi muhim tamoyillarni mustahkamlaydi.
Konstitutsiyaviy norma sifatida xorijiy mamlakatlarning ya’ni Germaniya, Bolgariya, Italiya, AQSH, Yaponiya, Braziliya kabi davlatlarning Konstitutsiyalari yoki Konstitutsiyaviy normativ huquqiy hujjatlarida atrof muhitni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish, iqtisodiy, ijtimoiy, mulkchilik va ekologiya masalalari alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
1.GFR, Bolgariya Konstitutsiyalarida, tabiatni muhofaza qilish va tabiat resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash bilan bog‘liq normalar mustahkamlangan (GFR Konstitutsiyasining 15-moddasi, Bolgariya Konstitutsiyasining 31-moddasi).
2. Tabiiy resurslarga nisbatan davlatning mutlaq mulk huquqi belgilab berilgan (Vengriya Konstitutsiyasining 8-moddasi va Ruminiya Konstitutsiyasining 18-moddasi).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, konstitutsiyamizning 55-moddasi quyidagi xususiyatlari uni har tomonlama kengroq tushunushga va tahlil qilishga yordam beradi:
a) yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralarning birinchi marta umummilliy boylik deb e’lon qilinishi;
b) tabiiy resurslardan oqilona foydalanish zarurligi;
v) barcha tabiiy resurslar va atrof-muhit muhofaza qilinishi;
g) tabiiy zaxiralarning davlat tomonidan muhofaza qilinishi zarurligi shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasi tabiiy resurslarni muhofaza etish lozim deb, undan umummilliy boylik sifatida oqilona va samarali foydalanish kerakligi haqida to‘xtalib o‘tar ekanmiz, avvalo “umummilliy boylik” degan yuridik termining shu o‘rinda konstitutsiyada nima uchun yozib qo‘yilganligini va uning ma’no va mazmuni nimaga qaratilganligini bilib olishimiz lozimdir. “umummilliy boylik” yuridik kategoriya sifatida birinchi navbatda yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi va boshqa tabiiy resurslarning kimga tegishliligi emas, balki undan kimning manfaati yo‘lida foydalanish lozimligini bildiradi. “Tabiiy resurslarning ”umummilliy boylik” maqomini hisobga olganda tabiiy resurslarning mulkdori sifatida odatdagi xo‘jalik muomalasi ishtirokchisi bo‘lgan davlat emas, balki siyosiy hokimiyat, suverenitet sohibi bo‘lgan davlat nazarda tutiladi deb aytish mumkin. Milliy boylik xalqqa tegishli bo‘lgan boylikdir.” Xalq davlat hokimiyatining yagona manbaidir (Konstitutsiyaning 7-moddasi), Davlat xalq erki-irodasini ifodalaydi, uning manfaatlariga xizmat qiladi (Konstitutsiyaning 2-moddasi).
Tabiiy resurslarni muhofaza qilishga doir konstitutsiyaviy normalarni mazmun-mohiyatiga ko‘ra asosiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita qismlarga ajratib o‘tsak bo‘ladi.
Birinchisi, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni umummilliy boylik sifatida e’tirof etgan Konstitutsiyamiz asosiy kafolat hisoblanadi.
Ikkinchisi, yuqorida ko‘rsatilgan konstitutsiyaviy normaga asosan ishlab chiqilgan, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy resurslarni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan qonunlar. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqalar.
Uchinchisi, bevosita tabiiy resurslarni huquqiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini belgilaydigan qonunlar ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi bilan bog‘lik normativ-huquqiy hujjatlarni kiritish mumkin.
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish asosan konstitutsiya va qonunlarda o‘z ifodasini topgan tamoyillar orqali amalga oshiriladi. Konstitutsiya va qonunlar ijrosini ta’minlanishi shart aks holda qonunbuzilishi hisoblanib javobgarlik kelib chiqadi.
Yer tabiiy resurs sifatida Konstitutsiyada o‘z aksini topishi va uning huquqiy muhofazalanishi, undan oqilona foydalanish lozimligining ko‘rsatilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Yerga oid munosabatlar davlatning tartibga solishi kerak bo‘lgan eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Konstitutsiyamizda yerning huquqiy muhofazalanishi va uning egasi kim ekanligining ko‘rsatilishi yerga oid munosabatlarning asosiy va bosh qoidasi o‘rnatilganligini bildiradi.
Yerlarni muhofaza qilishda davlat o‘z nazoratini turli xil shakllar asosida (monitoring, kadastr) olib boradi. Davlat yerning muhofazalanishi undan oqilona foydalanilishini nazorat qilishda xo‘jasizlarcha foydalanmaslik talabini quyadi va agrotexnika qoidalarini doimo qo‘llab turish majburiyatini har bir foydalanuvchiga yuklaydi.
Qomusimizda yer osti boyliklarining huquqiy mustahkamlanishi ilm-fan tavsiyalari asosida yanada samarali va oqilona foydalanish, uning muhofazasini to‘g‘ri ta’minlash respublikamiz iqtisodiyotini yanada barqarorlashtirishning asosiy omillaridan biri ekanligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi va unga muvofiq qabul qilingan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda), “Konsessiya to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solinadi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy vazifalari mineral xom ashyoga bo‘lgan talablarni hamda boshqa ehtiyojlarni qondirish uchun yer qa’ridan oqilona, kompleks foydalanilishini, yer qa’ri, atrof muhit muhofaza qilinishini, yer qa’ridan foydalanilayotganda ishlarning bexatar olib borilishini ta’minlashdan, shuningdek yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlarini muhofaza qilishdan, shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Suvning tabiiy resurs sifatida Konstitutsiyamizda mustahkamlanishi boshqa suv va suvdan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlari ishlab chiqilishiga asos bo‘ldi. Hozirgi qadar suv va suvdan foydalanishga doir munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Suv resurslarini muhofaza qilishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsyasining talablarini o‘zida aks ettirgan O‘zbekiston Respublikasing “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni va unga muvofiq qabul qilingan qonunchilikning boshqa hujjatlari muhim o‘rin tutadi.
Bu boradagi qonunchilik hujjatlarining asosiy vazifalari aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvlardan oqilona foydalanishni ta’minlash, suvlarni bulg‘anish, ifloslanish va kamayib ketishdan saqlash, suvlarning zararli ta’sirining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, suv ob’ektlarining holatini yaxshilashdan, shuningdek suvga doir munosabatlar sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.
Davlatning yagona suv zaxiralariga jilg‘alar, soylar, daryolar, suv omborlari, ko‘llar, dengizlardan, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari, buloqlar, hovuzlarning suvlari va boshqa yer usti suvlaridan; yer osti suvlari, qor zaxiralari va muzliklar tashkil etadi.
O‘simlik dunyosi tabiat ob’ektlari ichida eng bebaho boyliklaridan biri bo‘lib, u tabiiy atrof-muhitni sog‘lomlashtirish, inson yashash sharoitini yaxshilash, yer va suv boyliklarini muhofaza qilish, ularni saqlash, atmosfera havosini tozalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishni tartibga soluvchi, o‘simlik dunyosi ob’ektlarini huquqiy holatini o‘rnatuvchi Konstitutsiyaviy me’yor, konstitutsiyamizning 55-moddasida o‘z aksini topgan. Bu konstitutsiyaviy norma asosida qator qonunlar qabul qilindi. Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Yuqorida ko‘rsatilgan o‘simlik dunyosiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy vazifalari floraning tur bo‘yicha tarkibini va genetik fondini tabiiy sharoitlarda saqlab qolish; tabiiy o‘simlik jamoalarining va yovvoyi o‘simliklar o‘sadigan muhitning bir butunligini saqlab qolish; o‘simlik dunyosidan oqilona foydalanishni va uni takror yetishtirishni ta’minlash; yuridik va jismoniy shaxslarning o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi faoliyatini huquqiy tartibga solishdan iborat.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash lozimki, atrof muhitni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilinishini ta’minlash davlatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, bu borada fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
Olim Narzullayev,
TDYUU “Ekologiya huquqi” kafedrasi dotsenti