Tabiatni asrash har birimizning burchimizdir
Buxoroda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi, Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida “Tabiatni asrash – insonni, Vatanni asrash demakdir” shiori ostida fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi. Yosh rassomlar tomonidan ekologik muammolarni yorituvchi ijodiy suratlar namoyish etildi. Shuningdek, talabalar bilan muloqot avvalida ekologiyani targ‘ib qiluvchi videoroliklar namoyish etildi.

– Ishtirokchilarga biologik xilma-xillikning kambag‘allashuvi, biroq, tabiat zanjirida ularning o‘ziga xos o‘rni mavjudligi, tabiat resurslaridan oqilona foydalanishda barchadan birdek ekologik bilim va madaniyat yuksak darajada bo‘lishi haqida tushuncha berildi. Bundan tashqari, sanoat korxonalari va transport vositalaridan chiqayotgan gazlarning ozon qatlamiga salbiy ta’siri yuzasidan ham ma’lumotlar berildi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi Jahongir Sharipov.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “Tabiatni asrash – insonni, Vatanni asrash demakdir tavsiyalar” nomli qo‘llanmalar ham tarqatildi.

Fotoko‘rgazma yoshlar ongida tabiatni asrash, ekologik muvozanatni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’uliyat bilan yondashish zarurligini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, O‘zA