Tabiatga yetkazilgan zarar aniqlandi
Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tezkor nazorat guruhi tomonidan G‘ijduvon tumani hududida joylashgan Sho‘rko‘l suv omborida ekologik nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida G‘ijduvon tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro tomonidan elektr toki yordamida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlangan. Ular tomonidan 17 dona zog‘ora baliq va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 1 dona Turkiston mo‘ylovdori baliq turi ovlangan.

Ushbu holat bo‘yicha baliqlar ekspertizaga yuborildi va ularning elektr uskunasi orqali ovlangani tasdiqlandi. Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan agrotexnik xulosaga ko‘ra, fuqarolar tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 107 532 000 so‘m hisoblandi.

Huquqbuzarlik yuzasidan daliliy ashyo sifatida 18 dona baliq hamda 1 dona rezina qayiq ashyoviy dalil tariqasida olindi. Mazkur holat yuzasidan yuqori turuvchi organlarga birlamchi hujjatlar yuborilib, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.