Tabiatga befarqlik qimmatga tushdi
Buxoro viloyatida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik qonunbuzarliklarni barvaqt aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda.
Navbatdagi nazorat tadbiri davomida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanining “Ko‘kcha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Z.Sh.Z.” fermer xo‘jaligi tomonidan qonun talablariga zid ravishda qum-shag‘al aralashmasini qazib olish holati aniqlandi. Mazkur harakatlar ekin yer maydoni hududida amalga oshirilgani esa holatning yanada jiddiyligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida noqonuniy qazish ishlari amalga oshirilgan hudud aniq o‘lchab chiqildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzarlik oqibatida tabiatga 5 milliard 250 million so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, “Z.Sh.Z.” fermer xo‘jaligi rahbari hamda ushbu ishga aloqador boshqa shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida materiallar prokuratura organlariga taqdim etildi.
Tabiiy boyliklar bu barchamizning umumiy merosimizdir. Ularni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Qonun talablarini mensimaslik, tabiatga nisbatan beparvolik esa nafaqat iqtisodiy zarar, balki ekologik muvozanatga ham jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, bunday holatlarning oldini olishda nafaqat mutasaddi idoralar, balki jamoatchilikning ham faolligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.