Tabiat manzaralari har qanday kishini maftun etadi
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i boy o‘simlik dunyosi va hayvonot olamiga ega maftunkor go‘sha. Yilning to‘rt faslida ham hayratomuz manzaralari bilan ekoturizm shaydolariga o‘ziga xos tabiat go‘zalliklarini inom etadigan milliy bog‘ning bahori betakror manzaralarga boy, juda ham tarovatli bo‘ladi. Shu kunlarda sirli nabotot olamining turfa noyob giyohlariyu, dov-daraxtlari, turli ranglarda jilolanadigan gullari har qanday kishini maftun etadi.


– Tog‘lar qo‘yni yana yashil boyliklarga burkandi,– deydi milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarov.–Soy va jilg‘alarda sharillab oqayotgan zilol suvlar, turfa gullar, shifobaxsh giyohlar va yashil libosga burkangan zarang, do‘lana, archa kabi ko‘plab turdagi rang-barang daraxtlar inson ruxiyatini ko‘tarib, beixtiyor ona tabiatga o‘zgacha mehr o‘yg‘otadi. Sayroqi qushlar xonishi, zilol suvlarning jildirab, sokin oqishi, musaffo havosi qalblarga orom bag‘ishlaydi. Ming yillik archalari, chevar tabiat yaratgan tog‘ qoyalariga duch keladi.


Milliy tabiat bog‘i Hisor tog‘ tizmalaridagi “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligining “Tamshush” va “Zevar” bo‘limlariga qarashli 27 ming 851 gektar maydonda tashkil etilgan. Hududning betakror go‘zalligi aks etgan ushbu suratlar tabiat bog‘ining “Zevar” bo‘limida tasvirga olindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA