Tabiat bag‘rida ekologik aksiya
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi sohilida o‘tkazilgan ekologik aksiya yana bir haqiqatni eslatdi: tabiatni asrash balandparvoz shiorlardan emas, har bir insonning amaliy harakatidan boshlanadi. Zero, bugun biz tashlagan har bir chiqindi ertangi kunning ekologik muammosiga, bugun qilgan har bir ezgu ishimiz esa kelajak avlod uchun pokiza muhitga aylanadi.
Jizzax politexnika institutining Ekologiya va mehnat muhofazasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Yosh ekolog” to‘garagi a’zolari ishtirokida tashkil etilgan tadbir aynan shu mas’uliyat tuyg‘usini amalda namoyon etdi. “Mahallam tozaligi – yurtim obodligi” shiori ostida kechgan aksiya davomida ko‘llar tizimi sohilining ekologik holati o‘rganilib, qirg‘oq bo‘yida to‘planib qolgan maishiy chiqindilar yig‘ishtirildi. Oddiy ko‘ringan bu yumushning zamirida esa ulkan ma’no – tabiatga befarq bo‘lmaslik, suv havzalarini asrash va atrof-muhitga daxldorlik hissi mujassam.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi nafaqat betakror tabiiy manzarasi, balki boy ekotizimi bilan ham qadrli. Bunday hududlarda ekologik muvozanatni saqlash suv, tuproq va tirik tabiatni muhofaza qilish bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois sohilni chiqindilardan tozalashni bir kunlik obodonlashtirish tadbiri sifatidagina baholash to‘g‘ri emas. Bu – tabiatga ehtiyotkor munosabatni qaror toptirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va jamiyatda shaxsiy mas’uliyatni mustahkamlash yo‘lidagi amaliy qadam hamdir.

Ayniqsa, aksiyada talaba-yoshlarning faol qatnashgani e’tiborga molik. Chunki ekologik tarbiya faqat auditoriyadagi ma’ruza yoki darslikdagi ma’lumotlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Yoshlar o‘z qo‘llari bilan qirg‘oqni tozalab, atrof-muhitni asrashning haqiqiy mazmunini anglaydi: tabiatga g‘amxo‘rlik qilish har birimizning burchimiz. Jamoa bo‘lib bajarilgan ish esa hamkorlik, hamjihatlik va umumiy maqsad yo‘lida birlashish tuyg‘ularini mustahkamlaydi.

Amaliy ishlar yakunida ishtirokchilar uchun “Aydar Lake Resort” dam olish maskanida madaniy hordiq dasturining tashkil etilgani tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Bu esa foydali mehnat va mazmunli dam olishni uyg‘unlashtirish imkonini berdi.

Biroq ekologik mas’uliyat aksiya doirasida to‘xtab qolmasligi lozim. Atrofni toza saqlash, chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, suv manbalarini ifloslanishdan asrash va boshqalar kundalik odatga aylansagina kutilgan natijaga erishiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri