Suv yo‘li obod bo‘lsa, rizq yo‘li ochiladi
Qishloq hayotida suv — oddiy ne’mat emas. U dehqonning umidi, dalaning barakasi, xonadonlarning farovonligi va hudud taraqqiyotining muhim omilidir. Shu bois sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash, suvdan samarali va tejamkor foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bugungi kunda qishloqlarni rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda mahallalarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib sharoit yaratish, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va insonlar farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buxoro viloyati Peshku tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining 2026-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2026-yilda ishga tushiriladigan drayver loyihalarning manzilli dasturi asosida Peshku tumanida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihasi doirasida qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, sug‘orish tarmoqlarini tartibga keltirish, yer va suv resurslaridan unumli foydalanish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan.
“Quchoq” mahalla fuqarolar yig‘inining Mang‘itlar qishlog‘ida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida Tarnav arig‘ining 1730 metr qismi betonlashtirilib, ishlar to‘liq yakunlandi.

Bu esa nafaqat suvning yo‘qotilishini kamaytirish, balki qishloq xo‘jaligi yerlarini kafolatli va samarali sug‘orish, aholi daromadlarini oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
“Qoraqalpoq” mahalla fuqarolar yig‘inining Mahallagijja va Arbobxoji qishloqlarida ham sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Mahallagijja qishlog‘ida rejalashtirilgan 120 metr ariq betonlashtirilib, ishlar to‘liq yakunlandi. Natijada hududda suv ta’minoti qayta tiklandi.
Arbobxoji qishlog‘ida esa rejalashtirilgan 1,9 kilometr ariqning 1,2 kilometrida ishlar amalga oshirildi. Qolgan qismidagi ishlar ham jadal davom ettirilmoqda.
Bu kabi loyihalarning ahamiyatini birgina raqam bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki betonlangan har bir metr ariq ortida suvning tejalishi, dalalarning o‘z vaqtida sug‘orilishi, hosildorlikning oshishi va eng muhimi, dehqonning mehnati samaradorligi turibdi.

Peshku tumanidagi ishlar faqat bitta loyiha bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. “Og‘ir tumanlar dasturi” doirasida “Xo‘lbor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xo‘lbor-2 kanalini betonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda. Rejalashtirilgan 4,2 kilometr kanalning hozirga qadar 1,4 kilometrida ishlar bajarildi. Loyihani “Buxara Star Build” MCHJ amalga oshirmoqda. Loyihaning dastlabki qiymati 3,2 milliard so‘mni tashkil etadi.
Kanallarni betonlashtirish orqali suvning sizib ketishi va ortiqcha yo‘qotilishining oldi olinadi. Bu esa cheklangan suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish, mavjud suvni ko‘proq maydonga yetkazish imkonini beradi. Turkiston, Shavgon, Sh. Ergashev va Ibn Sino hududlarida ham ariqlarni betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Turkiston hududida rejalashtirilgan 1,2 kilometrlik ishlar to‘liq yakunlangan. Shavgon kanalining 1,4 kilometri, Sh. Ergashev kanalining 1,5 kilometrida betonlashtirish ishlari bajarildi. Zarafshon hamda Toshguzar-2 sug‘orish tarmoqlaridagi ishlar esa davom ettirilmoqda. Bu jarayonlarning barchasi bir maqsadga — suvni dalalarga samarali yetkazish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini barqarorlashtirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Yangibozor” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan ishlar esa hududning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishga qaratilgan. Bu yerda “Eko bog‘” istirohat bog‘i hamda yo‘l bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Bog‘imuso kanalidan suv oluvchi ariqlarni betonlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi.
Demak, bu yerda suv tarmoqlarining yaxshilanishi bir vaqtning o‘zida hududni obodonlashtirish, aholi dam olishi uchun qulay muhit yaratish, yangi xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun zamin bo‘ladi.
“Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi Ofandar arig‘ining 3,3 kilometr qismini betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar uning 2,7 kilometrida ishlar bajarildi. Ayni paytda qolgan ishlar ham jadal va sifatli davom ettirilmoqda.
Qurilish va betonlashtirish ishlarining sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida “Buxorosuvqurilish invest” hamda Peshku tuman suv yetkazib berish xodimlari biriktirilgan. Bu esa amalga oshirilayotgan ishlarga oddiy qurilish jarayoni sifatida emas, balki kelgusi yillarda ham xizmat qiladigan muhim infratuzilma sifatida yondashilayotganini ko‘rsatadi.

Peshku tumanida amalga oshirilayotgan ushbu loyihalarning har biri ortida katta maqsad bor. Bu — mahallani obod qilish, suvni tejash, yerdan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va odamlarning daromadini oshirish. Eng muhimi, bu ishlar qog‘ozdagi rejalar bo‘lib qolmayapti. Ular mahallalar, qishloqlar va dalalar qiyofasida o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Bir tomonda betonlangan ariqlar orqali suv yo‘qotilishi kamaymoqda, ikkinchi tomonda dalalarga hayot kirib bormoqda. Bir hududda suv ta’minoti tiklansa, boshqasida yangi istirohat maskani va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari uchun zamin yaratilmoqda. Bu — “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” g‘oyasining mazmun-mohiyatini amalda namoyon etayotgan manzara. Zero, taraqqiyot ba’zan ulkan binolar yoki baland inshootlar bilan emas, balki oddiy ariqda suvning to‘xtovsiz oqishi, dehqonning dalasiga suv yetib borishi, mahallada yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi va odamlarning ertangi kunga ishonchi ortishi bilan o‘lchanadi.
Peshkuda bugun betonlanayotgan har bir ariq — ertangi hosil, har bir tiklanayotgan suv tarmog‘i esa — yangi imkoniyat demakdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri