Suv xo‘jaligi vaziri axborot berdi
Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi.
Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilganidek, so‘nggi 3 yilda suv xo‘jaligi ob’ektlarini rekonstruksiya qilish va ularning texnik holatini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarida suvning isrofgarchiligini kamaytirish, ya’ni ularni betonlashtirish ko‘lami 7,5 barobarga oshgan. Sohada davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy qilishga oid 50 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.
Tadbirda bajarilgan ishlarga qaramasdan sohada ayrim muammolar mavjudligiga e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini boshqarishni raqamli texnologiyalar asosida 2000 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ini onlayn monitoring tizimiga o‘tkazish, 151 ta nuqtada “Aqlli suv” qurilmasi hamda 10 ta yirik gidrouzelni avtomatlashtirish belgilangan bo‘lsa-da, amalda 66 ta kuzatuv qudug‘i, 76 ta “Aqlli suv” qurilmasi, 5 ta yirik gidrouzelni avtomatlashtirilgan.
Belgilangan 163 dona zamonaviy energiya tejovchi nasosdan 64 tasi hamda 214 dona elektrodvigateldan 71 tasigina almashtirilgan. Shuningdek, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv va tuproq sho‘rlanishining oldini olishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘lchash jihozlari yetishmasligi natijasida meliorativ tadbirlarni amalga oshirishda muammolar vujudga kelgan.
Loyiha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi hamda malakali kadrlarning yetishmasligi sababli suv xo‘jaligi qurilishi sohasidagi ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari bugungi kun talablari asosida sifatli ishlab chiqilmagan. Qolaversa, suv xo‘jaligi sohasida mavjud muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish loyihalari yetarli darajada moliyalashtirilmagan.
Tadbirda suv xo‘jaligi ob’ektlarida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, suv resurslari va yerlarning meliorativ holati monitoringini “onlayn” rejimda nazorat qilish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlari boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun davlat byudjeti, xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini 2021 yil smeta xarajatlariga kiritilishi o‘z vaqtida ta’minlanmaganligi ham qayd etildi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA