Suv sportida salmoqli natijalar
Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan viloyat suv sportiga ixtisoslashtirilgan sport maktabining mavqei respublikamizda katta o‘ringa ega bo‘lib, milliy terma jamoamiz tarkibi uchun mahoratli sportchilarni tayyorlab kelmoqda.
Abdushukur Usmonov boshchiligidagi sport maktabi jamoasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan suv sporti turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro turnirlarda salmoqli natijalarga erishib kelmoqda.


Jumladan, Tailand davlatining Patayya shahrida bo‘lib o‘tgan slamomda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatida namanganlik iqtidorli sportchilar O‘zbekiston terma jamoasi safida Vatanimiz sharafini munosib tarzda himoya qilib, g‘oliblar safidan o‘rin egallashdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi jami uchta oltin, uchta kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yutuqqa namanganliklar ham katta hissa qo‘shdi.


Mazkur zalvorli natijalarga erishishda Namangan shahri va Davlatobod tumani hokimliklarining amaliy ko‘magi katta dalda bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish joiz.

Endilikda sportchilarimiz joriy yilning iyun oyida Chexiyaning Praga shahrida bo‘lib o‘tadigan slamomda eshkak eshish baydarka bo‘yicha jahon kubogi hamda iyul oyida Slovakiyaning Mikolas shahri mezbonlik qiladigan jahon chempionati (“U-23”) musobaqalarida ishtirok etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri