Suv saqlash inshooti ishga tushdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Andijon tumani hududidagi adirliklarda barpo etilayotgan, qariyb 450 ming nafarga yaqin aholi yashashi mumkin bo‘lgan Yangi Andijon shahri viloyatdagi o‘ta dolzarb muammolardan biri bo‘lgan aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yangi Andijon shahri” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Ayni kunda birinchi bosqich doirasida ishlar boshlangan. Hozirga qadar hududda o‘nlab ko‘p qavatli uylar, shuningdek, 1 ming 680 o‘ringa mo‘ljallangan umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 250 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika, ipoteka markazi, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Adirlikda barpo etilayotgan uy-joylar, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 33 milliard so‘mga teng loyiha doirasida 2024 yilning yanvar oyida sig‘imi 4 ming metr-kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshootining qurilishi boshlangan edi.

– Ayni paytda mazkur inshoot qurilishi yakuniga yetkazildi, – deydi “Ekspress bunyodkor servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Omonullo Usmonov. – Suv saqlash inshootida to‘plangan ichimlik suvi hududdagi ko‘p qavatli uy-joylar va boshqa ob’ektlarga uzatib berilmoqda. Endilikda, ya’ni mazkur inshoot ishga tushishi bilan Yangi Andijon shahrida ichimlik suvi yetkazib berish muammosi to‘liq hal etildi.

Soatiga 420 metr-kub suvni saqlash va uzatish imkoniga ega ushbu inshoot kompyuter texnologiyalari asosida boshqariladi. Barcha ish jarayonlari bir nafar operator tomonidan kompyuter yordamida bajariladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari