Suv resurslarini boshqarishda yangi bosqich
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
a) irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 1,3 trln so‘m ajratish va xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 300 mln AQSH dollarini o‘zlashtirish;
b) Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi nasos stansiyalarining eskirgan 562 ta nasos va 578 ta elektr dvigatelini zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, ularning yillik elektr energiyasi sarfini 6,8 mlrd kVt/soatdan 6,2 mlrd kVt/soatgacha kamaytirish;
v) suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha qisqartirish;
g) 2025 yilda tajriba tariqasida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 15 ta nasos stansiyasida muqobil energiya manbalari hamda energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
d) suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 2,1 million gektardan 3,5 million gektarga, shundan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlar hajmini 560 ming gektardan 853 ming gektarga yetkazish;
j) sho‘rlangan maydonlar hajmini 1 898 ming gektardan 1 732 ming gektarga, shu jumladan, o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan maydonlar hajmini 578 ming gektardan 460 ming gektarga qisqartirish;
z) sizot suvlari sathi muammoli holatda (0-2 metr) bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlari hajmini 893 ming gektardan 775 ming gektarga qisqartirish;
i) irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali qishloq xujaligida foydalanishdan chiqqan jami 67 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonini qayta foydalanishga kiritish.
Qarorga ko‘ra alohida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etiladi.
2025-2026 yillarda Davlat chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 300 ta raqamli suv o‘lchash qurilmasi o‘rnatiladi hamda markazlashgan ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi.
12 080 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida raqamli texnologiyalar asosida suv sarfi hisobi monitoringi yo‘lga qo‘yiladi va tizimdagi 1750 ta nasos agregatining suv sarfi hisobi onlayn rejimda monitoring qilib boriladi. 12 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ekti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi.
O‘zA