Suv resurslari muhofazasi – yuqori hosildorlik omili
Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekin maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash va yerlarning meliorativ holatini saqlash barqaror hosildorlikning muhim omillaridan hisoblanadi. Buning uchun nafaqat suvdan samarali foydalanish, balki uni yetkazib beruvchi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarini ham muntazam ta’mirlash, tiklash va modernizatsiya qilish zarur.
Toshkent viloyatida mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish, kollektor-drenaj tizimlarini tozalash va ularning texnik holatini yaxshilash orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chirchiq – Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya tomonidan Prezidentimizning 2025-yil 15-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash, ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilda hudud bo‘yicha 947 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘ini tozalash rejalashtirilgan. Mavsum boshidan buyon 426,5 kilometr tarmoq tozalanib, yillik rejaning 45 foizi bajarildi. Ayni paytda bir kunda 7,9 kilometr tarmoqda tozalash ishlari olib borilmoqda. Jarayonlarga 16 ta maxsus ekskavator jalb etilgan. Mazkur ishlar ortiqcha namlikni chiqarish, sizot suvlari sathini maqbul darajada saqlash, tuproq sho‘rlanishining oldini olish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holatini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar sifatini ta’minlash maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari tomonidan hududlardagi jarayonlar joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Bunda tarmoqlarning texnik holati, bajarilayotgan ishlar sifati va belgilangan loyiha talablariga muvofiqligi nazorat qilinmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va vazifalarni belgilangan muddatlarda bajarish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma hamda tavsiyalar berilmoqda.

Bekobod tumanida ham suv resurslaridan samarali foydalanish va irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Tumandagi “Ko‘k orol-1” R-4-37 va R-4-12, “PYU-2-v” (Parcha yuz) hamda “Chap irmoq” Ch-22 kanallarining jami 5,7 kilometr qismini betonlashtirish belgilangan. Ayni vaqtda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi balansidagi “Chap irmoq” kanalining Ch-5 tarmog‘ida 2,2 kilometr qismni betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. 1936-yilda ishga tushirilgan kanalda 12 ta gidrotexnik inshoot mavjud. U “Chap irmoq” kanalidan suv olib, Ulug‘bek va Dehqonobod hududlaridagi 780 gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlaydi.
Kanalning tuproq o‘zanli qismini betonlashtirish suvning sizib ketishini kamaytirish, suv resurslaridan unumli foydalanish va ekin maydonlariga suvni o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Umuman, kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash va irrigatsiya kanallarini betonlashtirish kabi tadbirlar yagona maqsadga suv resurslarini tejash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi ekinlarining suv ta’minoti barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi esa mavjud suv zaxiralaridan yanada samarali foydalanish uchun muhim zamin yaratadi.
A.Musayev, O‘zA