Suv omborlarini sug‘urtalash nima beradi?
“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, respublikamizdagi mavjud suv omborlarini davlat byudjetidan sug‘urtalash masalasi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilish davomida suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev mamlakatimizdagi suv omborlarini sug‘urtalash 3,5 milliard so‘mga tushishini ta’kidladi. Bu tartib 2024 yildan boshlab joriy etilishi va davlat byudjetida nazarda tutilishini qayd etdi.
Ushbu masalada so‘z olgan ayrim deputatlar sug‘urtalash masalasiga e’tiroz bildirdi. Deputat Doniyor G‘aniyev esa gidrotexnika inshootlarining sug‘urtalanishi ijobiy holat ekanligini qayd etdi:
— Sug‘urta kompaniyalarining ham o‘z talablari bo‘ladi. Agar ularning talablariga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lsa yoxud suv omborida qandaydir muammo bo‘lsa, kompaniya sug‘urta qilishdan qochadi va bu signal, ogohlantirish bo‘ladi. Gidrotexnika inshootlarining sug‘urtalanishi ham fuqarolar, ham davlat byudjeti, ham sug‘urta bozori rivojiga xizmat qiladi, — dedi deputat.
Muhtarama Komilova,
O‘zA