Suv muammosi aholini qiynayapti
O‘z uy-joyiga ega bo‘lish, qulay shart-sharoitlarda turmush kechirish har bir insonning orzusi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida aholi uy-joy bilan ta’minlanib, qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Ammo yangi va zamonaviy uy-joylar rostdan ham barcha qulayliklarga egami?
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani markazida joylashgan yangi ko‘p qavatli uylarga aholi deyarli ko‘chib o‘tgan. Bu uylarda ko‘p yosh bolali, hatto nogiron bola tarbiyalayotgan oilalar ham istiqomat qilishadi.
Achinarlisi, “Sifat, grand, usta, me’mor” qurilish ta’mir korxonasi tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan mazkur ko‘p qavatli uylar hamon ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.
Mahalla ahlining ta’kidlashicha, mazkur muammo yuzasidan tuman hokimligiga bir necha bor murojaat qilishgan, ammo foydasi bo‘lmagan. Murojaatlaridan natija chiqmagan aholi uy atrofiga noqonuniy ravishda hovuzlar kovlatib, foydalanib kelishmoqda.
–Bu muammo, ayniqsa, 4-qavatda joylashgan xonadonlarda qiyinchilik tug‘dirmoqda, – deydi 1- uy 7-xonadonda istiqomat qiluvchi Sohiba Mustafoyeva.– Yosh bolam bor, uni kun davomida bir necha marotaba yolg‘iz qoldirib, pastdan suv tashishimga to‘g‘ri keladi. Hojatxona ichkarida, boshqa ehtiyojlar uchun ham suv birlamchi muammomiz.Ayniqsa, yosh bolalar, ayollarning yuqoriga suv tashib chiqishini ko‘rib, achinib ketaman.Axir, bu uy uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirayotgan bo‘lsak, muammolarni kim hal etib berishi kerak?
– Men o‘zim ikkinchi guruh nogironiman, yolg‘iz onaman,– deydi 1-uy 2-xonadon sohibasi Ziynat Qurbonova.– Yangi uyga ko‘chib o‘tganimizga bir yilga yaqinlashdi.Mahallada yoshi kattasi bo‘lganim uchun barcha ishlarga o‘zim bosh-qosh bo‘lishga harakat qilaman. Ichimlik suvi eng og‘riqli masalamiz. Bu borada uchrashmagan joyimiz qolmadi.Foydasi yo‘q. Qizim endigina 18 yoshga to‘ldi.Tikuvchilik orqasidan kun ko‘ramiz. Ammo qizimning tikuvchilikdan ortib kun davomida suv tashishga ketgan vaqtiga achinaman.Qiz bola emasmi, jismonan toliqib qoladi.Ammo nachora, o‘zim unga yordam berishga imkonim yo‘q.
– Bu kabi muammolarni hal etishga hech qaysi mutasaddi tashkilot shoshilmayapti, –deydi 1-uy 20- xonadon egasi, ikkinchi guruh nogironi Dilafro‘z Aliqulova.– Va’dalardan charchadik. Qog‘ozda barcha qulaylikka ega zamonaviy uylarda yashayapmiz, amalda esa o‘zingiz ko‘rib turgan haminqadar sharoitlar...
Uyni qurib, bitkazgan qurilish ta’mir korxonasi xodimi mazkur muammo karantin sababli cho‘zilganini aytib, albatta, ijobiy hal etishga so‘z berdi.
Mazkur muammo faqat G‘uzor tumanida emas.Qarshi shahri Samarqand mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan xonadonlarda ham shunga o‘xshash holatlar aholi ta’bini xira qilyapti. Shaharning qoq markazida joylashgan ko‘p qavatli uylarga ham ichimlik suvi o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti. Qish kunlari kun ora beriladigan suv yozning jazirama kunlarida haftalab o‘chiriladi.Bu yerda ham aholi o‘z bilganicha ish tutishga majbur bo‘lib, uylarida qo‘lbola usulda bachoklar o‘rnatishga, ko‘chalarda hovuz kovlab, foydalanishga majbur bo‘lishmoqda.Ularning bu kabi ishlari texnik jihatdan qanchalik xavfli- xavfsizligi mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilmagan.
– Shahar markazidan yaxshi niyatlar bilan uy sotib olish uchun turmush o‘rtog‘im bilan uzoq yillar Rossiyada ishlab kelishimizga to‘g‘ri keldi, –deydi Kamola Abduhalimova.– Uyni kredit evaziga oldik. Shu uy to‘lovlarini to‘lash uchun turmush o‘rtog‘im hamon Rossiyada og‘ir yumushlarni bajarishga majbur.Ammo o‘z vaqtida kreditni to‘lab borsak ham, yechilmayotgan muammolar odamga yomon ta’sir qilar ekan. Bir haftalab ichimlik suvsiz qolib ketdik.Suv ko‘p uzilib qolganligi sababli, uyimizning tom qismiga 1 tonnalik bachok qo‘ydirganmiz. U qanchalik texnik xavfsiz, bunisiga javob bera olmayman.
Xalqimiz andishali.Ulardan biror muammo xususida fikr olish ancha mushkul.Ammo yaqinda ko‘rganlarimni qog‘ozga tushirmasdan turolmadim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA