Surxondaryoning eng mashhur taomlari tantanasi
Surxondaryo viloyatida ilk marta Termiz shahrida joriy yilning 17 dekabr kuni Termiz gastronomik festivali va yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir doirasida qadimiy va hamisha navqiron Termiz shahri janubdagi vohaning turizm markazi etib belgilanadi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda turizmni milliy iqtisodiyotimizning muhim yo‘nalishiga ko‘tarish, ichki va tashqi turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilib, hajmini ko‘paytirish, sayyohlarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning uchun turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilib, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasi jadal yuksaltirilayotir. Surxondaryo viloyati o‘zining noyob taomlari bilan gastronomik turizmni keng yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyatga ega hudud. Boy tarix va madaniyatga, nodir me’moriy, arxeologik yodgorliklar va go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh suvlarga boy voha keyingi yillarda dunyo sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Gastronomik turizmning yo‘lga qo‘yilishi ham viloyatning ichki va tashqi turistik quvvatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 19 sentyabrda mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun festivalni yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari belgilab olindi. Shunga muvofiq tumanlar va Termiz shahri o‘ziga ajratilgan pavilonlarni milliy uslubda bezab, eng noyob taomlarini tayyorlaydi, ularni tayyorlash sirlarini o‘rgatadi. Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutasaddilari, Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, turizm yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarning soha bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari bo‘yicha taqdimotlari o‘tkaziladi. Viloyat hunarmandlar boshqarmasi mahsulotlari va suvenirlari ko‘rgazmasini tashkil etadi.
– Ilk marta tashkil etilayotgan festivalni bayramona ruhda o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari–turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i, festival tashkiliy qo‘mitasi raisi Jo‘rabek To‘rayev. – Aslida sayyohlar o‘rtasida mazali taomni tatib ko‘rish tarixiy-me’moriy obidalar, tabiat manzaralari yoki muzeyni tomosha qilib, zavq-shavq olishga teng, degan gap yuradi. Ayni paytda dunyoda gastronomik turizm tobora rivojlanib borayotgani ham bu fikrni isbotlaydi. Endilikda yurtimiz o‘zining mazasi og‘izda qoladigan taomlari bilan mashhurligidan foydalanib, turizmning bu yo‘nalishini ham keng yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Festivalda tandirkabob, cho‘poncha, bixtirma kabi 20 dan ortiq turdagi noyob taomlar taqdim etiladi.
Festival doirasida tadbirkorlar, ishbilarmonlar jurnalist va blogerlar o‘rtasida V2V uchrashuvlari, matbuot anjumani o‘tkazish, Termiz shahridagi mehmonxona va restoranlarga press-tur uyushtirish, san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturlarini namoyish etish rejalashtirilgan. Festivalda eng yaxshi taom tayyorlagan oshpazlar tadbir tashkilotchilarining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri