Surxondaryoliklar pilla topshirish rejasini bajardi
Surxondaryo viloyati pillakorlari yilning birinchi mavsumi uchun shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajarib, qabul shoxobchalariga qariyb 2 ming 345 tonna sifatli xom ashyo topshirdi.
Joriy yilgi ob-havo noqulay kelgan bahorgi mavsumda viloyat pillakorlari oqilona mehnat qilib, 39 ming 66 quti ipak qurtini parvarishladi. Ayniqsa, viloyatning Jarqo‘rg‘on, Angor, Qumqo‘rg‘on, Bandixon kabi tumanlaridagi mohir pillakorlarning tajribalari juda qo‘l keldi.


– Pillachilikda boy tajriba to‘plangan vohada mahalliy iqlimga mos serhosil navli pilla qurti parvarishlangani yutuqlar omili bo‘ldi, – deydi Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri Zafar Jumayev. – Parvarishlashda ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilib, ipak qurtining mavjud ozuqa bazasidan oqilona foydalanilgani mo‘l hosil yetishtirishga xizmat qildi. Viloyatda har quti ipak qurtidan o‘rtacha 60 kilogrammdan hosil olishga erishildi. Jumladan, “Sardor Do‘stmuhammad chorvasi” fermer xo‘jaligi pillakorlari qabul punktlariga 284 kilogramm, “Farruxbek Rahimov” fermer xo‘jaligi 240, “Serhosil baraka 2020” fermer xo‘jaligi 180 kilogrammdan ortiq sifatli xom ashyo yetkazib berdi. Shuningdek, Xosiyat Allayorova, Sitora Sodiqova singari fidoyi pillakorlar ham mo‘l hosil yetishtirib, viloyat rejasining ortig‘i bilan bajarilishiga munosib hissa qo‘shdi.


Viloyatda pilla hosilini topshirish uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri