Surxondaryolik g‘allakorlar zafar muborak!
Surxondaryo viloyati g‘allakorlari tovar don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Bu haqida O‘zAga viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar qildi.
Joriy yil hosili uchun viloyatda 2 ming 278 fermer tomonidan 89 ming 300 gektar maydonda boshoqli don yetishtirildi. Ob-havo noqulay kelgan bu yilgi sharoitda mahalliy iqlimga mos, ertapishar g‘alla navlarini mehr bilan parvarishlagan dehqonlar mo‘l hosil to‘pladi.

Donni nobud qilmay, tez, sifatli o‘rib-yig‘ib olish uchun 127 ta otryad tuzilib, 301 ta yuqori unumli kombayn, 1 ming 275 ta tashish texnikasi, 130 ta traktor tirkamasi mavsumga shaylandi. Texnikalarga sifatli, tezkor xizmat ko‘rsatadigan 127 ta ko‘chma ustaxona, 81 ta yoqilg‘i tashish texnikasi taxt qilindi. Kombaynchilar uchun barcha sharoit yaratilib, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Qisqa kunlarda don korxonalariga 210 ming 246 tonna tovar don sotilib, shartnomaviy rejani 101 foizga bajarildi.

G‘allakorlar erishgan ulkan yutuqqa Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Elobod ziyosi”, Sherobod tumanidagi “Shaymanbobo”, Angor tumanidagi “Umid shox Angor”, Muzrabot tumanidagi “Amirqulbobo KAA”, Jarqo‘rg‘on tumunidagi “Panji Umid Bunyod”, Termiz tumanidagi “Qoraxon Yangiariq” fermer xo‘jaliklari har gektar maydondan 100-109 sentnerdan, boshqa ilg‘or fermer xo‘jaliklari yuz sentnergacha sara don yig‘ib olib, salmoqli hissa qo‘shdi.

G‘allakorlarning bunday salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritishida klaster tizimi joriy etilgani, davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechilib, ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash uchun zarur miqdordagi donning fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinayotgani ham muhim omil bo‘lmoqda.
Bu yil viloyat g‘allakorlari gektarlar hosildorligini o‘rtacha 94 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 840 ming tonna sara don olishni mo‘ljallamoqda. G‘allachilikda boy tajriba to‘plagan viloyatda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom etmoqda.
X.Mamatrayimov,
O‘zA