Surxondaryoda yangi bog‘lar barpo etilmoqda
Mamlakatimizda umummilliy harakatga aylangan “Yashil makon” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatida yangi tashabbus – “AYOQSHlar bog‘i” yaratilmoqda. Bu loyihaning ahamiyatli jihati shundaki, vohadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari sohiblari endilikda hududlarda 10 gektargacha bo‘lgan yashil maydonlar tashkil etadi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanidagi At-Termiziy mahallasida tashkil etilayotgan bog‘ yaratish tadbirida qatnashib, ulug‘ niyatlar bilan ko‘chat qadadi. “Zoom” platformasi orqali vohaning barcha hududlarida yangi loyihaga start berdi.


– Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” arafasida boshlanayotgan bu loyiha nafaqat ekologik barqarorlikni oshirish, balki jamiyatda tabiatni asrashga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiladi, – dedi viloyat rahbari. – Shuningdek, hududlarning ekologik muvozanatini yaxshilashga erishiladi. Yashil hududlarni kengaytirish, avtomobillarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirib, havo musaffoligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Viloyatning suvsiz yerlari va adirliklarda bo‘y ko‘rsatadigan “AYOQSHlar bog‘i”ga turli mevali-manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilib, tejamkor sug‘orish tizimlari barpo etiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri