Surxondaryoda Ozarbayjon maskani ochildi
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida Termiz davlat universitetida Xurshidbonu Notavon nomidagi Ozarbayjon maskanining ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan ochilish marosimida Ozarbayjondan tashrif buyurgan mehmonlar, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Ramziy ma’nodagi kichik Ozarbayjon hududiga Xurshidbonu Notavonning ulkan portreti, shoira hayoti va ijodi haqidagi axborot taxtasi va boshqa banner, rasm, foto suratlar joylashtirilgan. Maskan davlatlarimiz bayroqlari, siyosiy xaritalari, ozar elini ifodalaydigan turli ramzlar, milliy ayollar va erkaklar kiyimlari bezagan. Taqdim etilgan nashrlar orasida buyuk rahbar Haydar Aliyevning hayoti va ijodi, mamlakatning Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida iqtisodiy rivojlanishi haqida hikoya qiluvchi kitoblar, Haydar Aliyev jamg‘armasi tomonidan rus va ingliz tillarida chop etilgan "Qorabog‘ haqiqatlari" turkumidagi nashrlar mavjud. To‘plamdan Toshkentdagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan respublika tarixi, davlatchiligi, madaniyati, adabiyoti haqida o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar, bosma materiallar o‘rin olgan.

Ta’kidlash joiz, maskanda ushbu nashrlardan tashqari Madaniyat vazirligi tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar to‘plami, shoir va yozuvchilarimiz portretlari, milliy esdalik buyumlari namoyish etilgan.
Termiz davlat universiteti rektori, professsor Avazjon Marahimov O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari haqida so‘z yuritib, ushbu majmua ikki qardosh el do‘stligining yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Bundan buyon talabalar bu yerga muntazam tashrif buyurib, Ozarbayjon haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi, bu maskan aloqalarimiz yanada kengayishi uchun ajoyib maydon bo‘lishi e’tirof etildi.

Shundan so‘ng O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov Xurshidbonu Notavon nomidagi maskan xususida so‘z yuritdi. U endilikda ozod bo‘lgan Qorabog‘ durdonasi, Shusha shahri haqida gapirarkan, bu yil Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti, deb e’lon qilingani, mamlakatda taniqli Qorabog‘ shoirasi Xurshidbonu Notavonning 190 yilligi keng nishonlanayotgani, shuningdek, TURKSOY qaroriga ko‘ra, kelasi yili qadimiy Shusha Turk dunyosi madaniy poytaxti maqomiga ega bo‘lishini aytib o‘tdi.
Ushbu ma’naviyat dargohida kutubxona ham bor. Kelajakda turli uchrashuvlar o‘tkaziladi, ikki xalq vakillari ishtirokida madaniy, adabiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ochiq darslar olib boriladi, onlayn shaklda ozarbayjon tili kurslari tashkil etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu dargoh ikki xalq jipsligini mustahkamlashga xizmat qilib, yoshlar ma’naviyatini o‘stirishga ko‘maklashadi.
O‘zA