Surxondaryoda o‘rik eksporti boshlandi
Termiz tumani Xalqabod mahallasidagi “SPN Humoagro” mas’uliyati cheklangan jamiyati bog‘ida pishib yetilgan o‘rikni xorijga eksport qilish boshlandi.


Mas’uliyati cheklangan jamiyati bog‘bonlari 58 gektar maydonda Turkiya, Italiya, Gretsiya kabi davlatlarning 18 turdagi ertapishar, hosildor navlarini parvarishlamoqda. Bog‘bonlarning aytishicha, ob-havo o‘tgan yillarga nisbatan sovuq bo‘lgan bu yilgi sharoitda ham o‘rik hosili mo‘l bo‘ldi. Ayni kunlarda pishib yetilayotgan meva tez, sifatli terib olinib, har kuni 10 tonnadan ortiq mahsulot Rossiyaga eksport qilinayotir. Bir qismi mahalliy aholi iste’moli uchun ichki bozorga chiqarilmoqda. “SPN Humoagro” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yil 300 tonnaga yaqin o‘rik hosilini terib-yig‘ib olib, xorijdagi buyurtmachilariga qariyb 350 ming dollarlik meva yetkazib berishni mo‘ljallamoqda. O‘rikzorda 30 nafar doimiy, 300 ga yaqin mavsumiy bog‘bon mehnat qiladi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri