Surxondaryoda Koreya tajribasi: hamkorlikning yangi qirralari
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13–16-sentabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, texnologik va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha qariyb 12 milliard AQSH dollarilik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi, Koreya Eksport-import banki bilan 8 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturini amalga oshirishga kelishildi. Hamkorlik transport, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sun’iy intellekt, ta’lim, tibbiyot, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi kabi sohalarni qamrab oldi.
Bugun Koreya Respublikasi O‘zbekistonning muhim iqtisodiy va texnologik hamkorlaridan biri. Mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Hamkorlik investitsiya va savdo bilan bir qatorda texnologiya, innovatsiya, raqamlashtirish, inson kapitali va hududlararo aloqalarni ham qamrab olmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham Koreya bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda. Avvalroq viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiyaning Koreyaga tashrifi doirasida investitsiya, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan edi.
Viloyat hokimi topshirig‘iga asosan, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib, ta’lim, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va madaniyat yo‘nalishlaridagi tajribalarni o‘rgandi.
Termiz davlat pedagogika institutida esa viloyat rahbari Koreyada bo‘lib turgan Abduqodir Toshqulov, Sejong universiteti professori Otabek Jo‘rayev, Koreyada tahsil olayotgan surxondaryolik yoshlar hamda vohadagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari, magistrant va doktorantlari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
[gallery-31652]
Unda yoshlarning ta’lim olishi, xorijda orttirayotgan tajribasi va egallagan bilimlarini Surxondaryo taraqqiyoti yo‘lida samarali qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Koreyaning inson kapitaliga investitsiya kiritish va ta’limni iqtisodiy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish tajribasi Surxondaryo uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Koreya tajribasini hududning iqtisodiy salohiyati, mehnat resurslari va rivojlanish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganilgan tajribalar asosida ta’lim va kadrlar tayyorlash, innovatsiya, raqamlashtirish, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm va ijtimoiy sohalarda hamkorlikning yangi amaliy yo‘nalishlarini belgilash ko‘zda tutilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA