Surxondaryoda g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi
Bugun Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi “Indenim” agrofirmasining g‘alla maydonida mamlakatimizda birinchi bo‘lib, boshoqli don o‘rim-yig‘imiga start berildi.
O‘tgan yili kuzda “Aleksey” navli g‘alla urug‘i sepib, bir tekis undirib olingan maysalarni mehr bilan parvarishlagan mirishkorlar mavsumda gektarlar hosildorligini 80 sentnerdan oshirishni mo‘ljallamoqda. G‘allakorlarning aytishicha, o‘tgan yili mazkur daladan gektariga 17-18 sentnerdan sara don yig‘ishtirib olingan.
Joriy yilda muzrabotliklar 10 ming 700 gektar maydonda boshoqli don yetishtirdi. Hosilni tez va sifatli yig‘ishtirib olish uchun 13 ta o‘rim otryadi tashkil etilib, 24 ta yuqori unumli kombayn va 120 dan ortiq tashish texnikasi biriktirildi.
G‘allachilikda boy tajribaga ega viloyatda 89 ming 325 gektar maydonda g‘alla parvarishlanmoqda. Katta mehnat evaziga to‘plangan mo‘l hosilni nobud qilmay, o‘rib-yig‘ib olish uchun 127 ta otryad tuzilib, 282 ta yuqori unumli kombayn, 1 ming 275 ta tashish texnikasi, 130 ta traktor tirkamasi taxt qilib qo‘yildi. Texnikalarga sifatli, tezkor xizmat ko‘rsatadigan 127 ta ko‘chma ustaxona, 81 ta yoqilg‘i tashish texnikasi shay holatga keltirildi. Kombanynchilar uchun barcha sharoit yaratilib, mavsum oldidan bo‘nak pullari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi.
G‘alla o‘rim-yig‘imi boshlanishida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘roqqa tushgan ilk kombaynga o‘tirib, g‘alla o‘rim-yig‘imi va don salmog‘ini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislarga pishib yetilgan boshoqli donni isrof qilmay, tez kunlarda yig‘ib olish yuzasidan tegishli topshiriqlarni berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri