Surxondaryoda Butunjahon Yer kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
22-aprel — Butunjahon Yer kuni munosabati bilan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmalari hamda Respublika aerogeodeziya markazi viloyat hududlararo bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda soha mutaxassislari talabalarni zamonaviy geodezik asbob-uskunalar bilan tanishtirdi.
Tadbirda atrof-muhitni muhofaza qilish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-28939]
Ta’kidlanganidek, yurtimizda iqlim o‘zgarishi tufayli kuchayib borayotgan yer degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yerlarni muhofaza qilish, cho‘llanish va qurg‘oqchilikning oldini olish, tuproq unumdorligini oshirish hamda degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklashga qaratilgan vazifalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir doirasida talabalarning sohaviy bilimlarini mustahkamlash maqsadida zakovat o‘yinlari, ochiq darslar va “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Unda mutaxassislar kadastr sohasi, yer nazorati, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartiblari hamda bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish bo‘yicha ma’lumot berdi.
Yakunda tadbirda faol qatnashgan talaba-yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA