Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil hududlarni ko‘paytirish maqsadida yer uchastkalari xatlovdan o‘tkaziladi va ularning chegarasi belgilanadi;
Surxondaryo viloyatining Angor, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Qiziriq, Termiz tumanlari va Termiz shahrida ihota daraxtzorlari hamda “yashil belbog‘”lar barpo etiladi;
Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Mirzaobod, Oqoltin va Xovos tumanlarining chegaradosh hududlarida ihota daraxtzorlari hamda “yashil belbog‘”lar barpo etiladi;
suvni tejash va “yashil belbog‘”larni rivojlantirish maqsadida To‘palang daryosi havzasining yuqori qismida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish hamda sun’iy muzliklar yaratish bo‘yicha tajriba loyihalari amalga oshiriladi;
iqlim o‘zgarishiga ta’sir etuvchi innovatsion texnologiyalar bo‘yicha maxsus ta’limga ixtisoslashgan gidrometeorolog mutaxassislarni tayyorlash tizimi ishlab chiqiladi hamda ularning xalqaro darajada malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
kuchli shamol va chang bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish, ekin yerlari va yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, saqlash hamda ularni qayta tiklash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan fuidamental, amaliy va ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Mazkur qaror bilan:
Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha ishchi guruh tarkibi;
2026-2030-yillarda Surxondaryo viloyatida afg‘on shamolining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;
2026-2028-yillarda Sirdaryo viloyatining Qozog‘iston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh tumanlarida shamol eroziyasining oldini olish maqsadida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish hamda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilandi:
ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
Surxondaryo viloyatiga chegaradosh hududlarda chang bo‘ronlarining oldini olish bo‘yicha Afg‘oniston davlati bilan olib boriladigan muzokaralarda ishtirok etish;
ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini samarali tashkil etish maqsadida ularning ijrosini joyiga chiqqan holda monitoring qilish;
har yil yakuni bo‘yicha ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holatini puxta tahlil qilgan holda tanqidiy muhokama qilish;
ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlashda yuzaga keladigan muammoli masalalarni hal etish choralarini ko‘rish, zaruratga ko‘ra, ular yuzasidan tezkor qarorlar qabul qilish;
amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.
Qarorga ko‘ra, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Ekologiya qo‘mitasi, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarining qo‘shni respublikalar bilan chegaradosh bo‘lgan hududidagi yer uchastkalari belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkaziladi hamda yashil hududlar barpo etiladigan yer uchastkalarining chegaralari belgilanadi.
O‘zA