Surxondaryo delegatsiyasi Shirazda
Surxondaryo viloyat hokimligi, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo hamda viloyat savdo-sanoat palatasi mutasaddilari va bir guruh tadbirkorlardan iborat delegatsiya a’zolari Eron Islom Respublikasining Shiraz shahrida bo‘lib o‘tayotgan ixtisoslashtirilgan sanoat, mashinalar, uskunalar, yog‘och eshik, mebel sanoati va metallurgiya ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.
Surxondaryo viloyat hokimining taklifiga binoan joriy yilning 7-8 noyabr kunlari Eron Islom Respublikasining Fors viloyati hokimi Xosseyn Ali Amiriy boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Surxon vohasida bo‘lib, hududlar bilan yaqindan tanishgan va muzokaralar chog‘ida ikki viloyat o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Fors viloyati ma’muriy markazi – Shiraz shahrida o‘tkazilayotgan janubiy Eronning eng yirik sanoat ko‘rgazmasida qatnashishi ham mazkur kelishuvga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini namoyon etmoqda.

Safar chog‘ida viloyat delegatsiyasi Shirazning sanoat salohiyati, ishlab chiqarish quvvatlari va yangi texnologiyalari bilan yaqindan tanishmoqda. O‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, sanoat mahsulotlari ayirboshlashni kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda Yevrosiyo bozorlariga chiqish masalalarini muhokama qilmoqda.

Fors viloyati mutasaddilari O‘zbekiston delegatsiyasining hududga safarini mintaqaviy iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholab, bu hamkorlik kelgusida Fors viloyatiga o‘zbekistonlik investorlar va tadbirkorlarni keng jalb etishga xizmat qilishini qayd etmoqda.

Eron Islom Respublikasiga safar mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘sib borayotgan iqtisodiy munosabatlarda amaliy hamkorlikni kengaytirib, qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma 12 dekabr kuni yakunlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri