Surxondaryo anori dunyo kezadi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Surxondaryo viloyati azaldan anor yetishtirishda boy tajriba to‘plagan. Bundan ko‘p yillar ilgari Dashnobod anorlarini mamlakatimizning barcha hududlarida yaxshi bilishgan. Biroq, vohaning asosiy maydonlarida paxta, g‘alla va boshqa donli ziroatlar, ozuqabop ekinlar yetishtirilgani sababli anor asosan aholi tomorqalarida parvarishlangan. Lo‘nda qilib aytganda, boldek shirin bu mevani yirik maydonlarda yetishtirish e’tibordan chetda qolgan.
Mustaqillik sharofati bilan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi erkinlashtirilib, xususiy sektorda mahsulot parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. Bu tanti dehqonlar izlanib, hududning iqlim va tuprog‘iga mos mevalar parvarishlashga qiziqish oshirildi. Shu maqsadda turli mevali bog‘lar barpo etishga kirishildi.
Bu jarayonda Sherobod tumani mirishkorlari anorzorlar tashkil etib, uni serdaromad sohaga aylantirish yo‘llarini ko‘rdi. Ayniqsa, keyingi uch yilda agrar tarmoqda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar voha ahlining anorchilikni rivojlantirishiga katta ishtiyoq uyg‘otdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillarda hududda ming gektar yerda anor plantatsiyasi barpo etilgan bo‘lib, yaqin kelajakda viloyatda anorzorlarni qariyb 11 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Ayni paytda mavjud maydonlardan yiliga o‘rtacha 18 ming tonna sara anor yig‘ishtirib olinayotgan bo‘lsa, kelgusida yillik quvvatni 300 ming tonnaga yetkazish mo‘ljallanayotir. Shuningdek, mamlakatimizda keyingi yillarda eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor viloyat mirishkorlari yig‘ib olayotgan hosilning bir qismini xorijga sotish uchun ham qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi. Shunga muvofiq o‘tgan yilning o‘zida vohadan o‘n ming tonnaga yaqin anor dunyoning turli davlatlariga jo‘natildi.

Yana bir yangilik: Endilikda viloyat anor yetishtiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydigan uyushmasi ham tashkil etildi. Sohaga davlat darajasida qaratilayotgan bunday e’tibor nafaqat fermer yoki dehqon xo‘jaliklari balki, yirik mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni ham boshqa mevalar qatori anor yetishtirishga undamoqda. Jumladan, 2021-2022 yillarda vohada 9 ming 432 gektar yerda anorzorlar barpo etiladi. Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur maydonlarning asosiy qismiga mas’uliyati cheklangan jamiyatlar anor ko‘chatini ekayotir. Bu yil Sherobod tumanida besh ming, Muzrabot tumanida ikki ming va Qiziriq tumanida ming gektar yerda yangi anor plantatsiyalari bunyod etilmoqda. Bu minglab odamlarining bandligini ta’minlashi mumkin. Shu bilan birga turmush darajasini yuksaltiradi. Anor eksportini yanada oshirib, Surxon vohasinining tabiiy va totli mevalarini jahonga ko‘rsatadi.
– Mevalar qiroli bo‘lgan anorchilik ham endilikda ilmiy asosda rivojlantiriladi, – deydi viloyat anorchilik uyushmasi raisi Muzaffar Xo‘jamurodov. – Hudud iqlimiga mos yuqori navli, hosildor ko‘chatlarni yetishtirishga e’tibor kuchaytiriladi. Zararkunandalarga qarshi ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi. Bularning barchasi sohada so‘nggi yillarda yuz berayotgan o‘zgarishlar samarasidir.
Viloyatda anor yetishtirishning ko‘paytirilayotgani uni parvarishlashdan tortib, mevani terib-yig‘ib olish, qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan klaster tashkil etishga ham keng yo‘l ochib berdi. Shu asosda Sherobod tumanida “Sherobodanorimpeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati anorchilik klasterini tashkil etmoqda. Shu yilning o‘zida ikki ming gektar maydonga anor nihollarini qadayotgan yangi klaster bir yo‘la xorijning hosilni tur va hajmiga qarab saralash, zamonaviy usulda qadoqlash va qayta ishlab, “Surxon” brendi bilan tabiiy sharbat olish texnologiyalarini ham o‘rnatmoqda.
Klaster mutasaddilarining aytishicha, xalqimiz qadimdan mevalar sultoni sifatida e’zozlab kelgan shifobaxsh bu ne’matning ichki bozordan ortiq qismini xorijga eksport qilishni mo‘ljallayotir. Bu borada janubdagi vohada amalga oshirilayotgan barcha ishlar istiqlol sharofati bilan qishloq xo‘jaligini serdaromad tarmoqqa aylantirish yuzasidan olib borilayotgan islohotlarning, odamlar turmush darajasini oshirish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan xalqchil siyosatning amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA