Surxonda IIO xodimlarining namunaviy oilalari bellashdi
Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari oilalari o‘rtasidagi “Namunali oila” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning quyi bosqichida g‘olib bo‘lgan oilalar o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi.
Tanlov “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etib, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma’naviy axloqiy negizlari va an’anaviy qadriyatlarini mustahkamlash, oiladagi nizoli holatlar va ajrashishlarning oldini olish, oilalaring mustahkamligini ta’minlash, turmush madaniyatini yuksaltirish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.


Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari “Tanishtiruv”, “Bu mening oilam” nomli eng yaxshi fotosuratlar va videorolik, “Biz kitobxon oilamiz” badiiy adabiyotlardan savol-javob shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Madaniyat va san’at yo‘nalishida o‘z iste’dod va qobiliyatini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov yakunida Termiz tumani ichki ishlar bo‘limi tashkiliy bo‘linma navbatchilik qismi katta inspektori, mayor Alisher Amanov oilasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rinni viloyat IIB ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati tashkiliy muvofiqlashtirish guruhi bosh inspektori, mayor Bekzod Qurbonaliyev egalladi. Uchinchi o‘rinni Qiziriq tumani ichki ishlar bo‘limi tashkiliy bo‘linma murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, mayor Ilhom Hamrayev qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.



Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri