Superliga: Peshqadamlar ishtirokida muhim uchrashuvlar o‘tkaziladi
Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 12-turining navbatdagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Toshkentda "Paxtakor" va "Lokomotiv" o‘zaro bahs olib borsa, Namanganda "Navbahor" OKMKni qabul qiladi. G‘uzorda esa "Mash’al" hamda "Qo‘qon-1912" jamoalari muhim ochkolar uchun maydonga tushadi. Tur doirasidagi mazkur bahslar chempionlik poygasi va turnir jadvalidagi o‘rinlar uchun kurashga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Bir necha oylik tannafusdan so‘ng, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi bahslariga kuni kecha start berildi. 12-tur dastlabki uchrashuvlaridan keyin turnir jadvalidagi raqobat yanada keskinlashdi.
Xususan, "So‘g‘diyona" o‘z maydonida "Xorazm"ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, "Nasaf" mehmonda "Bunyodkor"ni 3:1 hisobida taslim etdi. "Neftchi" esa "Buxoro" ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, peshqadamlar qatoridagi o‘rnini saqlab qoldi.
Bugun, 17-iyul kungi bahslar ham chempionlik poygasi va turnir jadvalidagi o‘rinlar uchun kurash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Toshkent va Namanganda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar turning markaziy bellashuvlari sifatida e’tirof etilmoqda.
Toshkent derbisida "Paxtakor" o‘z maydonida "Lokomotiv"ni qabul qiladi. O‘zaro uchrashuvlar tarixi "sherlar"ning yaqqol ustunligini ko‘rsatadi.
Chempionatlar doirasidagi 40 ta bahsning 25 tasida "Paxtakor" g‘alaba qozongan, 8 uchrashuv durang bilan yakunlangan va 7-marta "Lokomotiv" ustun kelgan. Gollar nisbati ham "Paxtakor" foydasiga — 85:36. Ayniqsa, o‘z maydonidagi statistika yanada ta’sirli: 20 o‘yinda 14 g‘alaba, 3 durang va 3 mag‘lubiyat. Shu bois, maydon egalari navbatdagi uch ochko uchun favorit sifatida baholanmoqda. Biroq, joriy mavsumda barqaror o‘yin namoyish etayotgan "Lokomotiv" osonlikcha taslim bo‘lmasligi tabiiy.

Namanganda "Navbahor" OKMK klubini qabul qiladi. So‘nggi yillarda mamlakatning eng kuchli klublari qatoriga kirgan ikki jamoa o‘rtasidagi qarama-qarshilik doimo murosasiz ruhda kechadi. Har ikki klub yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgani inobatga olinsa, mazkur bahs nafaqat turning, balki mavsumning muhim uchrashuvlaridan biri sifatida baholanmoqda. Bu bellashuvda qo‘lga kiritiladigan uch ochko chempionlik poygasiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
G‘uzordagi "Mash’al" – "Qo‘qon-1912" uchrashuvi esa turnir jadvalining quyi qismi uchun muhim ahamiyatga ega. Jamoalar chempionat tarixida 19-marta to‘qnash kelgan. Ularda "Mash’al" 9-marta g‘alaba qozongan, "Qo‘qon-1912" hisobida 5 g‘alaba mavjud, yana 5 uchrashuv durang bilan yakunlangan. Gollar nisbati ham g‘uzorliklar foydasiga — 31:20. Bu raqamlar maydon egalarining tarixiy ustunligini ko‘rsatsa-da, hozirgi chempionatda har ikki jamoa uchun har bir ochko g‘oyatda muhim hisoblanadi. Shu bois bugungi bahsda ehtiyotkor va taktik jihatdan puxta o‘yin kutilmoqda.
Barcha uchrashuvlar soat 20:00 da start oladi. Tur yakunida chempionlik uchun kurash olib borayotgan jamoalar o‘rtasidagi masofa yanada qisqarishi yoki aksincha, peshqadamlar o‘z ustunligini mustahkamlashi mumkin. Shu bilan birga, quyi pog‘onadagi jamoalar uchun ham har bir ochko mavsum taqdirini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA