Superliga: Bugun peshqadamlar maydonga tushadi
O‘zbekiston Superligasi 9-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Bugun, 10 may sanasida turnir jadvalidagi yetakchi jamoalar maydonga tushadi.
Dastlabki bahsda Superliganing 19 ochko bilan peshqadami bo‘lgan OKMK jamoasi safarda "Qo‘qon-1912" klubiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu o‘yin soat 18:00 da boshlanishi belgilangan. Kechki dasturda esa Toshkentda "Jar" stadionida "Paxtakor" hamda "Buxoro" jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Bellashuv soat 20:15 da start oladi.

Mazkur juftlikning tarixiy statistikasi ham e’tiborga molik: "Paxtakor" va "Buxoro" shu kungacha 60 bor to‘qnash kelishgan. Shulardan 44 ta o‘yin "Paxtakor" foydasiga hal bo‘lgan, 7 ta uchrashuvda esa "Buxoro" g‘alaba qozongan. Qolgan 9 bahsda durang qayd etilgan. Umumiy to‘plar nisbati — 136:38, "Paxtakor" foydasiga.

Bugungi kunning markaziy uchrashuvi Qarshi shahrida bo‘lib o‘tadi. Superliganing ikkinchi pog‘onasida joylashgan amaldagi chempion "Nasaf" soat 19:00 da "Bunyodkor"ni qabul qiladi. Bu bahs turnir jadvalidagi holatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. "Bunyodkor" g‘alaba qozongan taqdirda ochkolari 18 taga yetib, "Nasaf" bilan tenglashadi. Natija, shuningdek, OKMK uchun ham ahamiyatli bo‘lib, raqiblarining ochko yo‘qotishi ularning yetakchilikni mustahkamlashiga yordam beradi.
"Nasaf" va "Bunyodkor" Oliy liga doirasida 36 marta maydonda uchrashgan. Ushbu bahslardan 15 tasida "Bunyodkor", 7 tasida esa "Nasaf" g‘alaba qozongan. Qolgan 14 uchrashuvda durang natija qayd etilgan. O‘tgan mavsumda bu jamoalar o‘rtasidagi ikki bellashuv 0:0 va 2:2 hisoblarida yakunlangandi. To‘plar nisbati esa — 48:34, "Bunyodkor" foydasiga.
Eslatib o‘tamiz, 9-tur doirasidagi kecha bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda "Dinamo" o‘z maydonida "Surxon"ni 1:0 hisobida, "Neftchi" esa safarda "Andijon" ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA