Superliga: 22-tur bahslari Namangandagi uchrashuv bilan boshlanadi
O‘zbekiston Superligasida bugun 22-tur bahslari start oladi. Turning ilk uchrashuvi Namangan shahridagi «Markaziy» stadionida o‘tkazilib, unda «Navbahor» va «Dinamo» jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
Ushbu uchrashuv oldidan jamoalarning milliy chempionatimizdagi o‘zaro o‘yinlari statistikasiga nazar tashlaymiz.
Klublar shu kunga qadar 55-marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Bahslarning 31 tasida «Navbahor» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 13 uchrashuv «Dinamo» foydasiga yakunlangan. Yana 11 bahsda g‘olib aniqlanmagan. To‘plar nisbati ham «Navbahor» foydasiga — 96:47.Jamoalar o‘rtasidagi eng yirik hisoblar 1996 va 1997-yillarda Namanganda qayd etilgan. Har ikki uchrashuvda ham «Navbahor» yirik g‘alabaga erishgan — dastlab 6:0, keyingi mavsumda esa 7:1 hisobida.
«Dinamo» shu kunga qadar Namanganda «Navbahor» ustidan g‘alaba qozona olmagan. Mazkur shaharda o‘tkazilgan 27 ta o‘zaro uchrashuvning 20 tasida mezbonlar zafar quchgan, 7 bahsda esa durang qayd etilgan. To‘plar nisbati — 59:11, «Navbahor» foydasiga.
Superliganing 22-turidan o‘rin olgan qolgan uchrashuvlar 19–21-sentabr kunlari o‘tkaziladi.
19-sentabr, 18:00: «Mash’al» — «Paxtakor»;
19-sentabr, 20:15: «Bunyodkor» — «Buxoro»;
20-sentabr, 17:15: «Andijon» — «Nasaf»;
20-sentabr, 18:00: «Surxon» — «Qo‘qon-1912»;
20-sentabr, 19:00: «So‘g‘diyona» — OKMK;
20-sentabr, 19:30: «Lokomotiv» — «Neftchi»;
21-sentabr, 20:15: «Xorazm» — «Qizilqum».
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA