Sun’iy ong va inson hayoti: tibbiyotdagi yangi davr
Biz yashayotgan davr global o‘zgarishlar davri. Bu o‘zgarishlar, albatta, sun’iy intellekt texnologiyalarining rivoji bilan chambarchas bog‘liq. Bugun sun’iy intellektning tibbiyot sohasidagi imkoniyatlari inson mehnatini yengillashtiruvchi vositaga aylanmoqda. Shu o‘rinda bir ochiq savol paydo bo‘ladi: biz sun’iy intellektga to‘liq ishonishimiz to‘g‘rimi?
Sun’iy intellekt bugungi kunda zamonaviy sog‘liqni saqlashning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. SI tibbiyotda ilgari yechimi qiyin bo‘lgan muammolarni hal etish imkoniyatini yaratdi. So‘nggi o‘n yil ichida sog‘liqni saqlash sohasida AI qo‘llanilishi sezilarli darajada oshdi. Sun’iy intellektning paydo bo‘lishi sog‘liqni saqlash natijalarini yaxshilash, xarajatlarni kamaytirish, kasalliklarni tez aniqlash va ularning oldini olish imkonini bermoqda. Zamonaviy texnologiya sifatida AI radiologiya, oftalmologiya, patologiya va dermatologiya sohalarida tasvirga asoslangan tashxis qo‘yish, genom ma’lumotlarini tahlil qilish, klinik prognozlash, biomarkerlarni aniqlash hamda robotlashtirilgan jarrohlik amaliyotlarini nazorat qilishda qo‘llanilmoqda.

Sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy texnologiyalar
Generativ sun’iy intellekt (GAI)dan foydalanish ayrim hollarda noto‘g‘ri tashxis ehtimolini kamaytirishga yordam bermoqda. GAI — bu matn, tasvir, audio, kompyuter kodi va video kabi turli shakllarda yangi kontent yaratishga qodir texnologiya. So‘nggi yillarda generativ AI sog‘liqni saqlash sohasida katta o‘zgarishlar olib kelishi kutilmoqda. U shifokorlarga kasalliklarni aniqlash, davolash va bemorlarga yaxshiroq xizmat ko‘rsatishda yordam beradi. Bir qator tadqiqotlar natijasida generativ AI samaradorligi yuqori ekani aniqlangan. Olimlar ushbu texnologiyani chuqur o‘rganib, uning ishlash mexanizmi, foydasi va kamchiliklarini tahlil qilgan. Hozirda tibbiyotda bir nechta GAI tizimlari qo‘llanilmoqda. Eng mashhurlari - ChatGPT, Google Gemini va Microsoft Copilot GAI tibbiyotda 20 dan ortiq yo‘nalishda qo‘llaniladi.
Virtual shifokor va chatbotlar
Ada Health — kasallik belgilarini o‘rganish va dastlabki tashxis qo‘yishda yordam beradi.
Babylon Health— onlayn tibbiy tavsiyalar beradi.
Apple Watch — yurak urishini kuzatadi va nazorat qiladi.
Google DeepMind — ko‘z kasalliklari va buyrak muammolarini aniqlashda qo‘llaniladi.
IBM Watson Health — saraton kasalliklarini aniqlashda yordam beradi va davolash bo‘yicha tavsiyalar beradi. Masalan, AR (kengaytirilgan reallik) va VR (virtual reallik) bilan birga ishlaganda yanada katta imkoniyatlar yaratadi, shifokorlar bemorlar bilan bog‘lanib, amaliy mashg‘ulotlarni masofadan turib bajarishga yordam beradi. 2022-yilda AQSHda amalga oshirilgan tadqiqotda, AI tizimi 85 foiz aniqlik bilan yurak xastaliklarining kelajakda rivojlanish omillarini ko‘rsatib bera olgan.

Sun’iy intellektga ishonaylikmi yoki shifokorga?
Sun’iy intellekt keng qo‘llanilishidan oldin tibbiyot tizimida bemorlar sonining ko‘pligi, tashxis qo‘yishdagi kechikishlar va shifokorlarning ortiqcha yuklama ostida ishlashi kabi muammolar mavjud edi. Tibbiyot xodimlari ko‘pincha cheklangan vaqt hamda jismoniy va ruhiy charchoq sabab har bir bemorga yetarli e’tibor qaratishda qiyinchiliklarga duch keladi. Sun’iy intellekt esa yordamchi vosita sifatida istalgan vaqtda tezkor javob berishi, hissiy bosimga ega emasligi va katta hajmdagi ma’lumotlarni qisqa vaqt ichida tahlil qilishi bilan ajralib turadi.
Biroq, u shifokor tajribasi va insoniy yondashuvni to‘liq almashtira olmaydi deya mutaxassislar bot-bot takrorlashmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalarining tibbiyot sohasidagi qo‘llanilishi ko‘plab foydali imkoniyatlarni yaratgan bo‘lsa-da, o‘z muammolarini ham keltirib chiqarmoqda.
AI tizimlar ba’zi hollarda noaniqlik va xatoliklar keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, ba’zi SI tizimlari tibbiy tasvirlarni noto‘g‘ri tahlil qilishi yoki kasalliklarni noto‘g‘ri aniqlashi mumkin. 2022-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda sun’iy intellekt tizimining 5 foiz hollarda noto‘g‘ri tashxis qo‘yishi aniqlangan.
Shu bilan birga, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sun’iy texnologiyaning zimmasiga biriktirilmagan, shuningdek, noto‘g‘ri davolash orqali bemorga zarar yetgan holatlarda sun’iy aqil emas, balki AI texnologiyalaridan foydalanadigan tibbiyot tashkilotlari markazi javobgarlikka tortiladi. Bu texnologiyalar hamma uchun birdek mavjud bo‘lmasligi va qimmat bo‘lish xavfi ham bor.
Kelajakda sun’iy intellekt yanada rivojlanib, sog‘liqni saqlashda keng qo‘llanilishi kutilmoqda. Buning uchun xavfsizlik, axloqiy me’yorlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi juda muhim. Texnologiya inson uchun faqat yordamchi vazifasida bo‘lishi kerak, o‘rnini egallashi emas.
Mehribonu To‘lqinova,
O‘zA