Sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar sari muhim qadam
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarga ixtisoslashgan yangi texnologik kampusga poydevor qo‘yildi.
Ochilish marosimi
doirasida kampusning dastlabki taqdimot sinflari jamoatchilikka namoyish etildi. Shuningdek, yangi ta’lim dasturlari bo‘yicha Yevropa universitetlaridan kelgan professor o‘qituvchilar tomonidan ilk ma’ruzalar o‘qildi.
Kampusda robototexnika va mikrochip texnologiyalari, agrotexnologiya va aqlli qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya va tibbiy sun’iy intellekt, fintex va raqamli iqtisodiyot, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt asosidagi kino san’ati, immersiv texnologiyalar hamda logistika innovatsiyalari kabi sakkizta ustuvor yo‘nalishda faoliyat olib borish rejalashtirilgan.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — Andijonni Markaziy Osiyoning yirik ilmiy-texnologik va innovatsion markazlaridan biriga aylantirish.

Yangi kampusda sun’iy intellekt faqat alohida fan sifatida emas, balki ilm-fanning turli tarmoqlarini o‘zaro bog‘lovchi umumiy texnologik vosita va ilmiy til sifatida talqin etiladi. Shu bois majmua an’anaviy oliy ta’lim muassasasi bilan bir qatorda, ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalar va innovatsion startaplar markazi vazifasini ham bajaradi.
Kampusda ta’lim yetti yoshdan boshlanib, maktab, oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot va startap bosqichlarigacha uzluksiz davom etadigan yaxlit tizim asosida tashkil etiladi. Bu orqali yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi, ilmiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirishi hamda o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirishi uchun zarur sharoit yaratiladi.
Loyihaning g‘oyasi, umumiy konsepsiyasi, akademik tuzilmasi va me’moriy yechimi professor, doktor N. Selin Shenojak tomonidan ishlab chiqilgan. U Anatolia Tech Production xalqaro madaniy-texnologik ishlab chiqarish kompaniyasining asoschisi, shuningdek, YUNESKOning Madaniy diplomatiya, boshqaruv va ta’lim kafedrasi rahbaridir.
— Andijon asrlar davomida ilm-fan va saltanat beshigi bo‘lib kelgan. Bugun bu zamin yana bir bor tafakkur va taraqqiyot markaziga aylanishga shay. Biz qo‘yayotgan bu poydevor shunchaki bir binoning emas, balki kelajakda dunyoni o‘zgartira oladigan olimlar va ixtirochilar avlodining poydevoridir, — dedi professor Selin Shenojak.

Universitet va texnologik kampus faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, Yevropaning yetakchi texnika universitetlari bilan uzoq muddatli akademik va ilmiy hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilgan. Hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro tadqiqotlar o‘tkazish hamda innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus Andijonning ilmiy va texnologik salohiyatini yuksaltirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda Sharq va G‘arbning ilmiy tajribasini bir makonda birlashtirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: Anatolia Tech Production kompaniyasi 2021-yilda Turkiyada tashkil etilgan. Xalqaro madaniy-texnologik ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi kompaniyaning Anqara, Parij va Toshkent shaharlarida vakolatxonalari mavjud. Uning Toshkentdagi vakolatxonasi IT Park Uzbekistan rezidenti hisoblanadi. Kompaniya Yevropa innovatsiyalar va texnologiyalar instituti — EIT hamda uning 28DIGITAL hamjamiyati bilan hamkorlik qiladi.
Hamroz Bayonov,O‘zA